Toshkent shahrining Bektemir tumanidan o‘tuvchi avtomobil yo‘lining bir qismida harakat 3-iyuldan 8-iyulgacha bir tomonlama yopiladi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, bunga avtomobil yo‘lining 0–3-kilometrlari oralig‘ida yo‘lning asfalt-beton qoplamasida rejaga asosan ta‘mirlash ishlari olib borilishi sabab bo‘ladi.
Toshkentdan Ohangaron shossesiga chiqish yo‘li D001 Toshkent halqa avtomobil yo‘lining 47-kilometridan (Rohat aylanma yo‘li) Qo‘yliq yo‘nalishiga yo‘naltiriladi.
Yuqori Chirchiq tumanidan Toshkentga kirish yo‘li D012 Bektemir – Chirchiq, G‘azalkent – Chorbog‘ qo‘rg‘oni avtomobil yo‘lining 6-kilometridan Yik-ota va Farg‘ona yo‘liga yo‘nalishiga yo‘naltiriladi.
Toshkentda 2-iyul kuni Rohat aylanma yo‘lidagi ta’mirlash ishlari sabab yirik tirbandliklar yuzaga kelgani haqida xabar berilgandi.
Poytaxt IIBB YHXB matbuot xizmati 24-iyun kuni qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilishi munosabati bilan Yashnobod tumanidagi Ohangaron shoh ko‘chasida transport vositalari harakati vaqtincha to‘xtatilishini ma’lum qilgandi.

Rasmiy xabarda Temur Malik—Parkent—Maxtumquli ko‘chalari aylanma harakatidan, THAY—Ohangaron shohko‘chalari aylanma harakatigacha bo‘lgan qismi yopilishi ko‘rsatilgan. Ishlarni bajarish dastlab 1-iyulgacha davom etishi qayd etilgandi. Keyinchalik unga o‘zgartirish kiritilib, 4-iyulgacha davom etishi belgilandi.
Rohat aylanma yo‘lida avtomobil harakati vaqtincha yopilishi sababli, 2-iyul kuni ushbu hudud orqali harakatlanuvchi 26, 54, 110, 119, 128, 174-sonli avtobus yo‘nalishlarining harakati o‘zgartirildi.

Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi zarurat tug‘ilganda yo‘nalishlarga qo‘shimcha o‘zgartirishlar kiritilishi mumkinligini ma’lum qildi.
Izoh (0)