Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Donald Tramp 4-iyun kuni 12 mamlakat fuqarolariga mamlakatga kirishni taqiqlab qo‘ydi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Qaror “xorijiy terrorchilar” va boshqa xavfsizlik tahdidlaridan himoyalanish maqsadida amalga oshirilgani qayd etildi. Bu davlatlar qatoriga Afg‘oniston, Myanmar, Chad, Kongo, Ekvatorial Gvineya, Eritreya, Gaiti, Eron, Liviya, Somali, Sudan va Yaman kabilar kiradi.
Yana 7 ta davlat: Burundi, Kuba, Laos, Serra Leone, Togo, Turkmaniston va Venesueladan odamlarning kirishi qisman cheklangan.
“Bizga zarar yetkazmoqchi bo‘lganlarning mamlakatimizga kirishiga yo‘l qo‘ymaymiz”, dedi Tramp.
Uning aytishicha, ro‘yxat qayta ko‘rib chiqilishi va unga yangi mamlakatlar qo‘shilishi mumkin. E’lon 2025-yil 9-iyun kunidan kuchga kiradi. Ushbu sanagacha berilgan vizalar bekor qilinmaydi, deyiladi bayonotda.
Tramp lavozimidagi birinchi muddati davomida 7 ta musulmon davlati sayohatchilarga taqiq qo‘yilgandi. Sobiq prezident Jo Bayden 2021-yilda bu taqiqni bekor qilib, uni “milliy vijdonimizga dog‘” deb atagandi.
Prezident 1-iyun kuni Kolorado shtatining Boulder shahrida sodir bo‘lgan voqeani taqiq uchun misol qilib keltirdi. O‘shanda bir kishi isroilparast namoyishchilar to‘dasiga benzinli bomba uloqtirgandi. Hujumda Misr fuqarosi Muhammad Sabri Soliman ayblangan. U sayyohlik vizasini muddatidan o‘tkazib yuborgan va ishlash uchun ruxsatnomasining muddati ham tugagan edi.
Tramp 2023-yil oktyabrida G‘azo sektori, Liviya, Somali, Suriya, Yaman va xavfsizlikka tahdid soladigan boshqa davlatlar fuqarolariga AQSHga kirishni taqiqlashini aytgan edi.
Izoh (0)