Bugun, 6-iyun kuni soat 07:55 da Toshkent shahar, Sergeli tumani, “Bobur” MFY Sergeli shohko‘chasida joylashgan mebel mahsulotlarini tayyorlash sexlarining birida yong‘in ro‘y berganligi to‘g‘risida FVBga xabar kelib tushgan.
Shunga ko‘ra yong‘in-qutqaruv ekipajlari soat 08:07 da hodisa joyiga yetib borib, yong‘in o‘chirishga kirishgan. Ma’lum qilinishicha, yong‘in soat 08:42 da qurshab olingan.

“Vaziyat to‘liq nazoratga olingan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati, Toshkent shahar va tumanlar FVB rahbar xodimlari voqea joyida bo‘lib turibdi”, deyiladi FVV xabarida.
Toshkentda so‘nggi kunlarda yong‘inlar soni oshdi. 14-may kuni Sergeli tumani Nilufar ko‘chasida joylashgan omborda yirik yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘inni bartaraf etish ishlariga 12 ta asosiy, 6 ta maxsus va 6 ta suv tashuvchi yong‘in o‘chirish texnikasi jalb qilingan. Omborda spirtli mahsulotlar, turli xil materiallar, chetdan olib kelingan tovarlar hamda tibbiyotga oid vositalar saqlangan.
Shuningdek, 24-may kuni Toshkent shahrining Yunusobod tumani, Otchopar ko‘chasida joylashgan oshxonada yong‘in yuzaga kelgandi. Yong‘in-qutqaruv ekipajlari aytilgan manzilga soat 18:48 da yetib borib, yong‘in soat 18:55 da o‘chirilgan.
Izoh (0)