Daryo

Sergelida joylashgan omborxonada yirik yong‘ir sodir bo‘ldi

Omborxonada spirtli mahsulotlar saqlangan. Bu esa yong‘inning tez tarqalishi va alangalanish darajasining yuqori bo‘lishiga sabab bo‘lgan

1 daqiqa o‘qish10 437 ko‘rishlar0 izoh0

2025-yil 14-may kuni Sergeli tumani Nilufar ko‘chasida joylashgan omborxonada yong‘in sodir bo‘ldi. “Daryo” jurnalisti voqea joyiga borib vaziyatni o‘rgandi. 

Foto: “Daryo”

Omborxonada bo‘lgan ishchilarning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in ertalab chamasi 8:30 atrofida yuzaga kelgan. Hodisa to‘g‘risida murojaat soat 11:03 da shahar FVBga kelib tushgan, so‘ngra 12 ta ekipaj yong‘in joyiga yetib borgan va yong‘inni bartaraf etish ishlariga kirishgan.

Vaziyat ayni paytda to‘liq nazoratga olingan. Omborda spirtli mahsulotlar, turli xil materiallar, chetdan olib kelingan tovarlar hamda tibbiyotga oid vositalar saqlangan. Bu esa yong‘inning tez tarqalishiga va alangalanish darajasining yuqori bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Yong‘inni bartaraf etish ishlariga hokimiyat tomonidan 12 ta asosiy, 6 ta maxsus va 6 ta suv tashuvchi yong‘in o‘chirish texnikasi jalb qilingan. Yong‘in sodir bo‘lgan vaqtda ishchi-xodimlar zudlik bilan tashqariga chiqishgan, deydi Toshkent shahar FVB axborot xizmati rahbari. 
Zuhriddin Qurbonov
Foto: “Daryo”

Yong‘in joyidagi harorat balandligi va mahsulotlarning yonish xususiyati tufayli o‘t o‘chirish ishlari oson kechmadi. Yong‘in soat 12:15 da qurshab olindi va soat 13:31 da batamom o‘chirildi. Ushbu yong‘inni bartaraf etish ishlari favqulodda vaziyatlar vaziri B.Qudratxo‘jayev va vazirning birinchi o‘rinbosari S.Zuparov boshchiligida amalga oshirildi.

Yong‘in oqibatida atrofni qora tutun qoplagan, fuqarolar esa bundan xavotirda. Bu yong‘in ekologik va sanitariya xavfini ham yuzaga keltirishi mumkin.

Foto: “Daryo”
Foto: “Daryo”
Bugun Sergeli tumanida yong‘in sodir bo‘lgan ombor xususiy hisoblanadi. U “bojxona ombori” maqomiga ega emas. Ya’ni ombor chetdan olib kelingan va bojxona nazoratidan o‘tkazilmagan tovarlarni saqlash uchun mo‘ljallanmaganini ma’lum qilamiz, deydi Husan Tangriyev.
Foto: “Daryo”
Foto: “Daryo”

Tan jarohati olganlar haqida ma’lumot kelib tushmagan. Yong‘inning kelib chiqish sabablari hamda yetkazilgan moddiy zarar miqdori o‘rganilmoqda.

Jizzaxdanman. O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti teleradio jurnalistikasi yo‘nalishini bitirganman. “Daryo”da 2025-yildan beri muxbir lavozimida ishlayman va turli xil yo‘nalishda reportajlar, intervyular tayyorlayman hamda ularni saytga xabar qilib beraman. Har yili “Fantomas” filmini takror ko‘raman. “Mehrobdan chayon” (Abdulla Qodiriy publitsistikasi) ni sevib mutolaa qilaman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar