Joriy yil yanvar—iyul oylarida mamlakatga benzinning tonnasi o‘rtacha 573,6 dollardan import qilingan. Bu qiymat Bojxona qo‘mitasi bergan maʼlumotlardan kelib chiqadi.

Yetti oyda O‘zbekistonga jami qiymati 265,2 mln dollarlik 462,4 ming tonna (2024-yil mos davridagidan 12 tonna ko‘p) benzin import qilingan. “Daryo” hisob kitoblariga ko‘ra, bunda har bir tonna benzin o‘rtacha 573,6 dollardan to‘g‘ri kelmoqda. Bir litr benzin bahosi esa 0,42–0,43 sent atrofida sotib olingan deyish mumkin.
Markaziy bank eʼlon qilgan kurs bo‘yicha yanvar oyida 1 dollar qiymati 13 ming so‘mgacha ko‘tarilgan. May yakunigacha kurs 12 ming 800 so‘mdan yuqori shakllangan. Iyun boshlarida dollarning so‘mdagi qiymati pasaya boshladi, iyul yakuniga kelib 12 591 so‘mga tushdi. Shundan kelib chiqilsa, 1 litr benzin o‘rtacha 5,5 ming so‘mdan import qilingan bo‘ladi.
Joriy yil 4-yanvar kuni birjada Ai-80 benzining tonnasi 9 million 328 so‘mdan sotilgan. Umumiy hisobda 2 ming 28 tonna (2,8 million litr atrofida) benzin realizatsiya qilingan. Bunda o‘rtacha narx bir litri uchun 6,7 ming so‘mdan tushadi. 22-iyulga kelib, mazkur markadagi har bir tonna benzin narxi 10 million 500 ming so‘mdan oshdi. Ushbu sanada 1 650 tonna (2,3 million litr atrofida) benzin sotilgan. Bu o‘rtacha 7,5 ming so‘mdan to‘g‘ri keladi.
4-yanvar kuni Ai-92 markali benzini tonnasi 12 million 657 so‘mdan, jami 147,8 tonna (194,3 ming litr) sotilgan. Bunda Ai-92 benzinining bir litri 9,6 ming so‘mdan to‘g‘ri keladi. 22-iyuldagi savdoda Ai-92 benzining tonnasi 12 million 790 ming so‘mdan jami 917,7 tonna (1,2 million litr) sotilgan. Bu bir litr benzin o‘rtacha 9,7 ming so‘mdan sotildi degani.
Joriy yil yanvar—iyul oylarida O‘zbekistonda benzin ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yil mos davriga nisbatan 15,7 foizga qisqardi. Yaʼni yetti oy davomida 667 ming tonna avtomobil benzin ishlab chiqarilgan. Taqqoslash uchun, 2023-yil yanvar—iyulida 784,1 ming tonna, 2024-yil mos davrida 791,3 ming tonna benzin ishlab chiqarilgandi.
Izoh (0)