Soliq qo‘mitasi Soliq mobil ilovasida konsert-tomosha faoliyati vakillari uchun soliq deklaratsiyasini topshirish bo‘yicha joriy etilgan yangi xizmatning dastlabki natijalarini ma’lum qildi.

30-iyunda ishga tushirilgan xizmat bilan xonanda va ijrochilarga soliq organlariga yillik umumiy daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyani soddalashtirilgan tartibda taqdim etish imkoni berildi. Ularning konstitutsiyaviy burchi bo‘lgan — daromad solig‘ini to‘lash majburiyati “O‘zbekkonsert” davlat muassasasining maʼlumotlar bazasi bilan soliq organlarining axborot tizimi integratsiya qilinishi natijasida soddalashtirildi.
“Konsert-tomosha faoliyati” bo‘yicha litsenziyaga ega bo‘lgan xonanda va ijrochilar “Soliq” mobil ilovasida shaxsini tasdiqlagach va Face ID’dan o‘tgach, ushbu xizmatdan avtomatik tarzda foydalanishi mumkin.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, 18-avgust kuniga kelib 1954 nafar litsenziya egasi soliq deklaratsiyasini topshirgan.
Eng ko‘p deklaratsiya topshirgan top-5 ta hudud:
- Xorazm viloyati — 294 ta;
- Toshkent shahri — 291 ta;
- Buxoro viloyati — 212 ta;
- Samarqand viloyatida — 207 ta;
- Toshkent viloyati — 157 ta.
O‘zbekistonda 2027-yil 1-yanvardan boshlab sanʼatkorlardan daromad solig‘i majburiy tartibda undiriladi. Bu haqda 1-aprel kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Soliq qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev maʼlum qilgandi. Sanʼatkorlar, qo‘shiqchilar amaldagi tartib bo‘yicha deklaratsiya to‘ldirishi va o‘z daromadlarini ko‘rsatishi kerak. Shu asosda soliqqa tortilishi lozim.
Biz sanʼatkorlarga 2025 va 2026-yillarda daromadlar deklaratsiyasini to‘g‘rilab, topshirish bo‘yicha imkoniyat beramiz. Yaʼni kamchiliklari bo‘lsa, ko‘rsatib, to‘g‘rilashga yordamlashyapmiz. 2027-yil 1-yanvardan boshlab agar ular o‘z daromadlarini to‘liq ko‘rsatmasa yoki soliqlardan qochsa, biz soliq nazorati tekshiruvlari o‘tkazib, soliqlarni hisoblaymiz va undiramiz”, degan edi qo‘mita masʼuli.
Izoh (0)