Million dollarlik shartnomalar va nufuzli mukofotlarga ega mashhurlarning ko‘pchiligi o‘z hayotlarini kino olamidan uzoq bo‘lgan insonlar bilan bog‘lagan. Ular kinodagi hamkasblarini tanlashlari mumkin edi, ammo baxtlarini oddiy odamlarda topishdi.
Natali Portman va Benjamin Milpie
Natali Portman 13 yoshida “Leon” filmida rol o‘ynagach, kino hayotining ajralmas qismiga aylandi. Taqdir unga nafaqat yorqin karyera, balki kelajakdagi turmush o‘rtog‘i — fransuz xoreografi Benjamen Milpye bilan uchrashish imkonini ham berdi. Ularning munosabatlari “Qora oqqush” dramasining sahna ortida boshlandi. U yerda Benjamen raqs kompozitsiyalarini sahnalashtirardi, Natali esa havaskor balerinaga aylanardi.
2012-yilda munosabatlar nikoh bilan yakunlandi. Qizig‘i, Portmanga “Oskar” mukofotini keltirgan Darren Aronofskiyning filmi unga oila ham tuhfa etdi. Ular nikohidan ikki farzand dunyoga keldi. Afsuski, 11 yillik birgalikdagi hayotdan so‘ng, er-xotin ajralishga qaror qilishdi.
Mett Deymon va Luchana Barroso
“Zakovatli Uill Xanting” filmi yulduzi sevgilisi bilan tasodifan uchrashib qolgan. 2003-yilda Mayamidagi ish kunidan so‘ng hamkasblari aktyorni kechqurun barga taklif qilishadi. U uzoq vaqt rad etib turadi, ammo oxir-oqibat, o‘zi ham sababini bilmagan holda taklifni qabul qiladi.
Bu bejizga emas ekan, chunki aynan o‘sha paytda Mett Deymon Luchana Barroso bilan uchrashadi. Luchana ofitsiant bo‘lib ishlardi va qizi Aleksiyani tarbiyalayotgan edi, ammo bu holat aktyorni aslo xijolat qilmaydi. Bu yil ularning oila qurganiga 20 yil to‘ldi. Juftlikning uch qizi bor - Izabella, Jia va Stella.
Emma Stoun va Deyv MakKeri
“La-La Lend” filmida yulduzga aylangan Emma Stoun 2016-yilda ssenariy muallifi Deyv MakKeri bilan tanishgan. Bu voqea mashhur Saturday Night Live ko‘rsatuvida yuz bergan. MakKeri aktrisa uchun sketch yozgan. Chiqishga tayyorgarlik ko‘rish paytida ular o‘rtasida muhabbat paydo bo‘lgan, shundan so‘ng ular uchrasha boshlagan.
2020-yilda Stoun va MakKeri yashirincha nikohdan o‘tgan va ko‘p o‘tmay farzandli bo‘lishgan.
Enn Xeteuey va Adam Shulman
“Qattiqqo‘l xonim” filmidagi Endi Saks obrazi orqali ko‘plab tomoshabinlarning sevimli aktrisasiga aylangan Enn Xeteuey Adam Shulman bilan turmush qurgan. Xeteueyining turmush o‘rtog‘i bir necha filmlarda rol o‘ynagan bo‘lsa-da, asosan zargarlik buyumlari tayyorlash bilan shug‘ullanadi.
Ular ilk bor umumiy do‘stlarning ziyofatida uchrashishgan. O‘sha paytda aktrisa firibgar bo‘lib chiqqan Rafaello Folleri bilan ajrashgan edi. Aldov qurboni bo‘lgan Xeteuey yangi munosabatlardan o‘zini chetga tortardi, ammo Shulman soqbiq erining butunlay aksi bo‘lib, Enn uchun juda mos kelardi.
Ular 2012-yilda Kaliforniyaning Big-Sur shahrida nikohdan o‘tishadi va hozirda ikki o‘g‘ilni tarbiyalamoqda. Turmush o‘rtog‘idan farqli o‘laroq, Adam ommaviy e’tibordan chetda yuradi.
Jorj Kluni va Amal Kluni
Gollivudning eng mashhur bo‘ydoq aktyori Jorj Klunining qachondir uylanishini kamdan-kam odam tasavvur qila olardi. 1989-yildan 1994-yilgacha davom etgan aktrisa Taliya Bolsam bilan nikoh uning oilaviy turmush o‘zi uchun emasligiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamladi. Yigirma yil davomida Kluni uylanmadi, hatto intervyularda qayta uylanmaslikka ont ichdi.
Biroq uning prinsiplarini o‘zgartirishga majbur qilgan ayol topildi. U britaniyalik-livanlik huquq himoyachisi Amal Alamuddin edi. Juftlik 2013-yilda uchrasha boshladi, atigi bir yil o‘tgach, Venetsiyada turmush qurishdi. Hozirda er-xotin egizak farzandlar - o‘g‘illari Aleksandr va qizlari Ellani tarbiyalamoqda. Amal ba’zan qizil gilamda ko‘rinib qolsa-da, ko‘proq e’tibordan chetda qolishni ma’qul ko‘radi.
Mettyu Makkonaxi va Kamila Alves
“Dallas xaridorlar klubi”da barchani lol qoldirgan Mettyu Makkonaxi uzoq vaqt davomida bo‘ydoq sifatida tanilgan edi. Biroq 2006-yilda Los-Anjelesdagi barlarning birida vaziyat butunlay o‘zgardi. Braziliyalik fotomodel va dizayner Kamila Alves soqolli yigit mashhur aktyor ekanini payqamadi, unga e’tibor ham bermadi. Ammo Mettyuning qat’iyatliligi o‘z natijasini berdi.
Rojdestvo kechalarining birida u Kamilaga turmush qurishni taklif qildi va 2012-yilning iyun oyida Ostindagi ranchoda to‘ylari bo‘lib o‘tdi. Makkonaxi va Alves oilasi deyarli 20 yildan beri ahil yashab kelmoqda. Ularning Levi, Vida va Livingston ismli uch farzandi bor.
Izoh (0)