Xalqaro Futbol Assotsiatsiyalari Federatsiyasi (FIFA) klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati formatini o‘zgartirish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda The Guardian nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, FIFA loyihasida musobaqani hozirgidek to‘rt yilda bir emas, balki 2029-yildan boshlab ikki yilda bir marta o‘tkazish va ishtirokchilar sonini 32 tadan 48 taga oshirish nazarda tutilgan. Shuningdek, turnir darajasining pasayishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, bir mamlakatdan 2 tadan ko‘p klub qatasha olish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, “Real Madrid” iyun oyida o‘tgan FIFA bilan muzokaralar chog‘ida musobaqani ikki yilda bir marta o‘tkazishni taklif qilgan. Mazkur taklif bu yilgi turnirda ishtirok eta olmagan boshqa klublar, jumladan “Barselona”, “Manchester Yunayted”, “Liverpul” va “Napoli” tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.
Xabarda aytilishicha, xalqaro futbol taqvimi haddan tashqari band bo‘lgani sababli, turnir davomiyligini oshirish lozim bo‘ladi. Buning evaziga o‘rtoqlik uchrashuvlari va iyun oyidagi ayrim milliy terma jamoalar turnirlari bekor qilinishi mumkin. Bu esa o‘z navbatida UEFA Millatlar ligasi taqvimiga ham o‘zgartirish kiritishni talab qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil yozida AQSh mezbonlik qilgan yangi formatdagi Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida Angliyaning “Chelsi” klubi g‘alaba qozongan. Londonliklar hal qiluvchi o‘yinda Fransiyaning “PSJ” jamoasini 3:0 hisobida mag‘lub etib, chempionlikni qo‘lga kiritishgan edi.
Izoh (0)