Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevga Jahon Taekvondo Federatsiyasi prezidenti Chung Von Cho hurmat ifodasi sifatida 9-dan qora belbog‘ topshirildi. Taekvondoda qora belbog‘ darajalari 1-dan 9-dangacha bo‘lib, 9-dan qora belbog‘ eng yuqori, faxriy va hurmatga sazovor darajadir. Bu unvon nafaqat sportdagi yutuqlar, balki sportni rivojlantirishga qo‘shilgan ulkan hissa uchun ham beriladi.

Sport va siyosat ko‘pincha alohida sohalar sifatida qaralsa-da, tarix davomida ko‘plab davlat rahbarlari sport bilan faol shug‘ullangan, ayrimlari esa professional yoki faxriy sport unvonlarini qo‘lga kiritgan. Ushbu maqolada sport unvonlariga ega davlat rahbarlari haqida batafsil to‘xtalib, ularning sport faoliyati va unvonlari haqida so‘z yuritamiz.
Sadir Japarov — Qirg‘iziston prezidenti
Sadir Japarov — Qirg‘izistonning amaldagi prezidenti bo‘lib, nafaqat siyosiy maydonda, balki sport sohasida ham e’tiborga molik shaxslardan biridir. 2023-yilda u taekvondo (World Taekwondo Federation — WTF) bo‘yicha faxriy 9-dan qora belbog‘ unvoniga ega bo‘lgan. U bu orqali taekvondo sportida faxriy unvon olgan birinchi qirg‘izistonlik sifatida tarixga kirgan.

Vladimir Putin — Rossiya Federatsiyasi prezidenti
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin dzyudo va sambo sport turlari bilan bolaligidan beri shug‘ullanib keladi. U ko‘plab musobaqalarda qatnashib, 2012-yilda dzyudo bo‘yicha xalqaro darajadagi 8-dan qora belbog‘ unvonini olgan. Putinning sportdagi faoliyati nafaqat shaxsiy, balki Rossiya sportining xalqaro maydondagi imidjiga ham xizmat qiladi.

Shuningdek, Putinga 2013-yilda Jahon Taekvondo Federatsiyasi tomonidan 9-dan qora belbog‘ faxriy unvoni berilgan, ammo 2022-yilda Rossiyaning Ukrainaga harbiy yurishi munosabati bilan bu unvon bekor qilingan.
Donald Tramp — AQSH prezidenti
Amerika Qo‘shma Shtatlarining sobiq prezidenti Donald Tramp siyosat, biznes va ommaviy axborot vositalari orqali butun dunyoga tanilgan shaxs hisoblanadi. Biroq, 2021-yilda u o‘z faoliyati bilan emas, balki sport — xususan, taekvondo bilan bog‘liq sovrinni qabul qilib, yana bir bor e’tibor markaziga tushgan. Gap shundaki, Trampga Kukkiwon (Jahon Taekvondo Akademiyasi) tomonidan faxriy 9-dan qora belbog‘ unvoni topshirilgan.

2021-yil 19-noyabrda Kukkiwon prezidenti Li Dong-seop Donald Trampning Floridadagi Mar-a-Lago qarorgohiga tashrif buyurib, unga yuqori darajadagi faxriy belbog‘ni tantanali tarzda topshirdi. Ushbu unvon Trampning taekvondoga bo‘lgan e’tibori, sportni xalqaro darajada targ‘ib qilishdagi yordami va AQSH hamda Koreya o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash uchun taqdim etilgan.
Nursulton Nazarboyev — Qozog‘iston respublikasi sobiq prezidenti
2014-yil 21-yanvarda Qozog‘iston birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevga Jahon Taekvondo Federatsiyasi (WTF) tomonidan faxriy 9-dan qora belbog‘ va taekvondo kiyimi (kimono/dobok) topshirildi.

Tadbir Qozog‘iston poytaxti Ostona shahridagi Prezident saroyida bo‘lib o‘tdi. WTF prezidenti Chung Von Choning shaxsan o‘zi Nursulton Nazarboyevga yuqori faxriy unvonni topshirgan.
Gurbanguli Berdimuhamedov — Turkmaniston respublikasi sobiq prezidenti
Turkmanistonning sobiq prezidenti nafaqat siyosiy sohada faoliyat yuritgan, balki sport sohasida ham alohida e’tiborga sazovor shaxslardan biridir. U 2017-yilda karate bo‘yicha 10-dan qora belbog‘ unvoni bilan taqdirlangan.

Ushbu unvon Xalqaro Meybukan Godzyu-ryu Karate-do Assotsiatsiyasi rahbari Yagi Meitatsu tomonidan taqdim etilgan. Bu marosim “Osiyo o‘yinlari — 2017: tinchlik va taraqqiyot uchun xalqaro sport hamkorligi” kongressi doirasida o‘tkazilgan.
Jair Bolsonaro — Braziliya sobiq prezidenti
Jair Bolsonaro — Braziliyaning sobiq prezidenti, o‘zining konservativ siyosati va bahsli bayonotlari bilan tanilgan siyosatchi. 2018-yilda prezidentlikka saylanganidan so‘ng, u nafaqat siyosiy maydonda, balki sport sohasida ham e’tiborga sazovor bo‘ldi. Ayniqsa, jiu-jitsu sportiga bo‘lgan qiziqishi va bu sohadagi faoliyati bilan ham tanildi.

2018-yil 25-oktabrda, prezidentlik saylovlari arafasida, Robson Greysi (9-dan qora belbog‘ egalari va Greysi oilasining a’zosi) Jair Bolsonaroni jiu-jitsu bo‘yicha faxriy qora belbog‘ bilan taqdirladi. Mazkur unvon, Bolsonaro hech qachon jiu-jitsu bilan shug‘ullanmagan bo‘lsa-da, uning sportga bo‘lgan qiziqishi va Greysi oilasiga bo‘lgan hurmatini inobatga olib berilgan.
Barak Obama — AQSH sobiq prezidenti
Barak Obama — AQSHning 44-prezidenti, nafaqat siyosiy maydonda, balki sport sohasida ham faoliyat yuritgan shaxsdir. Uning taekvondo sportiga bo‘lgan qiziqishi va bu sohadagi faoliyati uning rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan.

Obama taekvondo bilan 2001–2005-yillar davomida, Illinoys shtatining senatori sifatida faoliyat yuritgan davrda shug‘ullangan. U Chikago shahrida taekvondo bo‘yicha mashg‘ulotlarga qatnashgan va bu davrda o‘zining jismoniy tayyorgarligini oshirishga katta e’tibor qaratgan.

2009-yilda Obama Janubiy Koreyaga rasmiy tashrif buyurganida, Janubiy Koreya prezidenti Li Myung-Bak tomonidan unga taekvondo bo‘yicha faxriy qora belbog‘ taqdim etildi. Ushbu unvon, Obama senatorlik davrida taekvondo bilan shug‘ullanganini inobatga olib, uning sportga bo‘lgan qiziqishini va Janubiy Koreya bilan aloqalarni mustahkamlash maqsadida berilgan. Marosimda Obama taekvondo formasini kiyib, taekvondo uslubida turli usullar ko‘rsatgan.
Izoh (0)