Joriy yil iyul oyida O‘zbekiston aholisiga sezilgan inflyatsiya darajasi 13,3 foizni tashkil etdi (iyundagidan 0,1 foiz past). Bu haqda Markaziy bankning navbatdagi tahlilida qayd etilgan.

Hududlar kesimida o‘rtacha darajadan eng yuqori sezilgan inflyatsiya Toshkent shahrida bo‘ldi — 16,4 foiz. Shu bilan birga, Farg‘ona (14,5 foiz) va Qashqadaryo (13,8 foiz) viloyatlarida ham nisbatan yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan. Eng past darajada sezilgan inflyatsiya Navoiy viloyatida kuzatilgan — 11,7 foiz.
-L59vQY4t.avif)
Iyul oyida aholi tomonidan narxlarida yuqori o‘sish kuzatilgan asosiy mahsulotlar go‘sht va sut bo‘lgan. O‘z navbatida dorilar, o‘simlik yog‘i va meva-sabzavotlar qimmatlashganini bildirganlar soni ortgan.
Mamlakatda daromadlari 5 million so‘mdan ortiq bo‘lgan aholining sezilgan inflyatsiya darajasi nisbatan yuqori shakllangan. Eng kuchli sezilgan infyatsiya 15 million so‘mdan yuqori daromad oluvchilarda qayd etilgan — 17,7 foiz. Eng past sezishlar oyiga 2-3 million so‘m topadiganlarda uchragan.
-YrmgWmes.avif)
Aholi tomonidan yuqori sezilgan inflyatsiya darajasi taʼlim (14,9 foiz) va davlat tashkiloti (14 foiz) vakillari tomonidan bildirilgan. Nisbatan past sezilgan inflyatsiya savdo (11,7 foiz) hamda maishiy xizmat (11,1 foiz) sohalari vakillari tomonidan qayd etilgan.
Aholi inflyatsion kutilmalari
Iyul oyida aholining kelgusi 12 oylik inflyatsion kutilmalari iyundagiga nisbatan 0,3 foizga pasayib, 12,9 foizga teng bo‘ldi. Bunda kommunal, yoqilg‘i va energiya qimmatlashishidan xavotir kuchliroq bo‘lgan. Shuningdek, valyuta kursi o‘zgarishi va asosiy oziq-ovqatlar narxi oshishi kutilmalari bildirilgan.
Aholining yuqori inflyatsion kutilmalari umumiy ovqatlanish va taʼlim sohalari vakillari tomonidan qayd etilgan. Kelgusida narxlar shakllanishi bo‘yicha nisbatan past kutilmalar talabalar hamda savdo sohasi vakillari tomonidan bildirilgan.

Aholi inflyatsion kutilmalarining yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahrida (16 foiz) kuzatilgan. Eng past kutilmalar Buxoro viloyatida (11,3 foiz) qayd etilgan.
Tadbirkorlar inflyatsion kutilmalari
Tadbirkorlik subyektlarining inflyatsion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan 0,3 foiz bandga oshib, 12,1 foizni tashkil etgan. Asosiy xavotirlar kommunal to‘lovlar oshishi, ish haqi va nafaqalar ko‘tarilishi hamda soliq yuki yuqoriligidan bo‘lgan.
Tadbirkorlar yuqori inflyatsion kutilmalari umumiy ovqatlanish va qurilish sohalarida faoliyat olib boradigan korxonalar tomonidan qayd etilgan. Nisbatan past kutilmalar hunarmandchilik hamda turizm sohalarida kuzatilgan.
-L09GjB_D.avif)
Tadbirkorlik subyektlarining yuqori inflyatsion kutilmalari Toshkent viloyatida kuzatilgan (13,8 foiz) bo‘lsa, past darajasi Farg‘ona viloyatida (10,6 foiz) faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar tomonidan qayd etilgan.
Daromadlari 5 million so‘mdan yuqori bo‘lgan aholining inflyatsion kutilmalari nisbatan yuqori darajada shakllandi. Xususan, oyiga 15 million so‘mdan ko‘p pul topadiganlar inflyatsiyani eng yuqori 15,7 foiz darajasida bo‘lishini kutmoqda. 2 million so‘mgacha daromad qiladiganlar esa 11,7 foizlik inflyatsiya kutmoqda.
Avvalroq Stastistika qo‘mitasi iyulda O‘zbekistonda yillik inflyatsiya darajasi 8,9 foizni tashkil etganini xabar qilgandi. Aholi va biznes inflyatsion kutilmalari doimiy ravishda rasmiy inflyatsiyaga qaraganda sezilarli yuqoriligicha qolmoqda.
Izoh (0)