Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Jogorku Keneshga ikki va ko‘pxotinlilik uchun jinoiy javobgarlikni bekor qilish to‘g‘risidagi qonunni e’tirozlar bilan qaytardi. Bu haqda “Kaktus media” xabar bermoqda.

Prezidentning e’tirozlari Ombudsman, Bosh prokuratura, Prezident huzuridagi Din ishlari va millatlararo munosabatlar milliy agentligi, Milliy fanlar akademiyasi, Adliya vazirligi va Konstitutsiyaviy sud apparati xulosalari asosida tayyorlangan.
“Ikki yoki ko‘pxotinlilik uchun jinoiy javobgarlikning saqlanib qolishi Qirg‘izistonning xalqaro majburiyatlariga mos keladi. Bu davlatning gender tengligi va qonun ustuvorligi tamoyillariga sodiqligini namoyish etadi, ayollar va bolalarni huquqiy va ijtimoiy tengsizlikdan himoya qiladi, shuningdek, oila institutini mustahkamlashga xizmat qiladi”, deyiladi davlat rahbarining e’tirozida.
Hozirda Qirg‘iziston Jinoyat kodeksi 176-moddasiga ko‘ra, ikki yoki ko‘pxotinlilik, ya’ni erkakning ikki yoki undan ortiq ayol bilan umumiy xo‘jalik yuritib birga yashashi yuz soatdan uch yuz soatgacha jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 500 (50 ming so‘m) dan 1000 (100 ming so‘m) hisob ko‘rsatkichigacha miqdorda jarima bilan jazolanadi.
Bundan avval Sadir Japarov “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunni imzolagandi. Hujjatda tahririyatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi, ish qoidalari va huquqiy maqomi, shuningdek jurnalistlar uchun javobgarlik va kafolatlar belgilangan.
Iyul oyida Qirg‘iziston prezidenti mamlakat jinoyat kodeksiga SIM kartalar va moliyaviy ma’lumotlarni begonalarga berishga jazo belgilaydigan o‘zgartirishlarni tasdiqlagandi. Qonunning maqsadi shaxsning o‘z bank kartasi, hisob raqami, elektron hamyoni, mobil banking, SIM kartasi yoki boshqa moliyaviy ma’lumotlarini uchinchi shaxslarga berishi yoki sotishining oldini olishdan iborat.
Izoh (0)