Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu 10-avgust kuni Quddusda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida mamlakatning “ishni oxirigacha yetkazib, HAMASni mag‘lub etishdan boshqa yo‘li yo‘qligini” ta’kidladi. Vazirga ko‘ra, bu G‘azo sektoridagi urushni tugatishning eng yaxshi yo‘li sanaladi. Bu haqda RBC xabar berdi.

Netanyaxuga ko‘ra, Isroil hozirda G‘azo sektorining 75 foizigacha bo‘lgan hududni nazorat qilmoqda. Biroq HAMASning asosiy tayanch nuqtalaridan biri bo‘lmish G‘azo shahri hanuz bosib olinmagan. Bosh vazir guruhni yo‘q qilish urushni tugatishning “yagona va yaxshi yo‘li” ekanini ta’kidlab, shunday dedi:
“Isroilning maqsadi G‘azoni bosib olish emas, balki uni ozod qilish”.
Shuningdek, bosh vazir urushni yakunlash bo‘yicha 5 tamoyilni sanab o‘tgan:
- HAMASni qurolsizlantirish;
- garovdagilarni ozod qilish;
- G‘azoni demilitarizatsiya qilish va hudud xavfsizligini Isroil nazoratiga olish;
- hamda na HAMAS, na Falastin hukumati boshqaradigan “muqobil fuqarolik ma’muriyati”ni tashkil etish.
Netanyaxuning aytishicha, yangi hukumat bolalarni terrorchilik faoliyatiga aralashtirmasligi, terrorizmni moliyalashtirmasligi yoki qo‘llab-quvvatlamasligi hamda Isroil davlati bilan tinch yashashga tayyor bo‘lishi lozim.
Ma’lum qilinishicha, Isroilning harbiy-siyosiy kabineti 8-avgust kuni G‘azo shahrini nazoratga olish rejasini ma’qullagan. Netanyaxu hukumati vakillari operatsiya davomida tinch aholiga gumanitar yordam ko‘rsatilishini, harbiy harakatlar boshlanishidan oldin esa G‘azo va unga tutash hududlarda yashovchi taxminan 1 million aholi janubga evakuatsiya qilinishini e’lon qilgan. Ushbu operatsiya 5 oygacha davom etishi mumkinligi prognoz qilinmoqda.
Mazkur reja Isroilda ham, xalqaro maydonda ham noroziliklarga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, Tel-Avivda minglab odamlar ko‘chalarga chiqib, harbiy harakatlarni kuchaytirishga qarshi chiqqan va garovda qolayotgan harbiylar va asirlarni ozod qilishni talab qilgan.
Izoh (0)