“Garri Potter” kino olami ustida yuzlab insonlar — rejissyorlar, operatorlar, dekoratorlar, kostyum ustalari va vizual effektlar bo‘yicha mutaxassislar yillar davomida ishladi. Har bir sahna ortida uzoq mehnat, puxta rejalashtirish va texnik yechimlar mujassam. Ushbu maqolada sizni kamera ortiga — suratga olish maydoniga olib boramiz. Qanday qilib sehrli sahnalar yaratilgani, aktyorlar va texnik jamoa nimalar bilan yuzlashgani, qaysi kadrlar haqiqiy, qaysilari esa mutlaqo tasavvur mahsuli ekanini bilib olasiz.

9 ¾ platformasi Londondagi haqiqiy vokzalda joylashgan
“9 ¾ platformasi” Garri Potter olamidagi eng mashhur joylardan biri. Aynan shu kirish yo‘lagidan “Hogvarts-ekspress” yoshlarni sehr-jodu maktabiga olib ketadi. Muxlislar esa devorga “kirib ketayotgan” aravacha yonida suratga tushishni yaxshi ko‘rishadi. Ha, bunday joy haqiqatda ham bor va u Londondagi King’s Cross vokzalida joylashgan.

Joan Rouling keyinchalik tan olganidek, u “9 va ¾ platforma” g‘oyasini Manchesterda yashab yurganida o‘ylab topgan va asarida u Yuston vokzalini nazarda tutgan. Bundan tashqari, King’s Cross vokzalida 9 va 10-platformalar orasida devor ham yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, filmdagi kadrlar haqiqiy King’s Cross vokzalida suratga olingan. Faqatgina ular 4 va 5-platformalar orasidagi to‘siqdan foydalangan. Muxlislar uchun o‘sha yerda “devorga yarim kirib qolgan” aravacha va “Platform 9¾” yozuvi o‘rnatilgan.

Aytgancha, “Hogvarts-ekspress” poyezdi ham kompyuter grafikasidan yaratilmagan — u 1937-yilda ishlab chiqarilgan haqiqiy parovoz edi. Uni Uels janubidagi temir-tersak omboridan topishgan va ta’mirlab, filmga moslashtirishgan.

Kviddich stadioni haqida

Kviddich o‘yinlarini tasvirlash bo‘yicha jamoada tayyor g‘oya bo‘lmagan, shu sababli ular hammasini boshidan o‘ylab topishlariga to‘g‘ri kelgan. Rejissyor Kris Kolambus nafaqat sehrli sportni ko‘rsatmoqchi, balki uning xavfli tomonlarini ham namoyon qilmoqchi bo‘lgan. Tomoshabinga uchar supurgilar tezligini yetkazish uchun kadrlarda doimiy tayanch nuqtasi bo‘lishi kerak edi, shu bois to‘rt tomonda minoralar qurish g‘oyasi paydo bo‘lgan.
Avvaliga stadionni Shotlandiyada qurish rejalashtirilgan, ammo bu fikrdan voz kechishdi. Pavilyonda faqat bitta minora qurildi, qolgan qismlar kompyuter grafikasida chizilgan.

O‘yin sahnalari yashil fon (xromakey)da alohida-alohida suratga olingan, keyin barcha qahramonlar bitta kadrga yig‘ilgan. Keyingi filmlarda ayrim epizodlar aktyorlar bilan birgalikda suratga olingan, eng murakkab va dinamik sahnalarda esa dublyorlardan foydalanilgan.

Ulkan shaxmat doskasi film uchun maxsus yasalgan

“Hikmatlar toshi” filmidagi sehrli shaxmat sahnasi texnik jihatdan eng murakkab epizodlardan biri. Ko‘pchilik figurani kompyuter grafikasida yaratilgan deb o‘ylaydi, lekin aslida ular haqiqiy bo‘lgan.
Film uchun to‘liq hajmdagi shaxmat maydoni va balandligi 3,5 metrga yetadigan shaxmat bo‘laklari yasalgan. Ular maxsus mexanizmlar yordamida sekin harakatlana olgan.
Aktyorlar o‘rniga gips shakllar ishlatilgan

Kino olamida “o‘lik” odamni ko‘rsatish oson ish emas. Uzoq vaqt qimirlamasdan, nafas olmasdan va ko‘z qimirlatmasdan yotish esa yosh aktyorlar uchun qiyin bo‘lgan. Shuning uchun ikkinchi filmda ilon bilan uchrashgandan so‘ng tosh qotgan o‘quvchilar sahnasida aktyorlar o‘rniga ularning gips nusxalari ishlatilgan.
Buning uchun aktyor yuziga tibbiyotda ishlatiladigan maxsus alginat surtilgan, ustidan gipsli bint o‘ralgan. Qotgach, qolip ehtiyotkorlik bilan yechilib, to‘liq nusxa yasalgan. Natijada juda ham haqiqiy ko‘rinadigan figuralar tayyor bo‘lgan.
Yuzlab likopchalar va ajdarlar “Sehrgarlik vazirligi”da jonlantirilgan

“Garri Potter va Feniks ordeni” filmida Sehrgarlik vazirligining interyeri butun franshiza davomidagi eng katta va eng qimmat dekoratsiya bo‘lgan.
Xonada Dolores Ambridj devorlariga jonli mushukchalar tasviri tushirilgan yuzlab chinni likopchalar ilingan. Buning uchun haqiqiy likopchalar tayyorlangan, hayvonlar esa keyinchalik grafika yordamida harakatlantirilgan.
Bu sahnalar uchun 40 dan ortiq tirik mushuklar suratga olingan — ularning har biri keyinchalik animatsiyaga asos sifatida ishlatilgan.
Izoh (0)