Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu 4-avgust kuni G‘azo sektorini to‘liq bosib olish haqida qaror chiqardi. Bu haqda The Jerusalem Post xabar berdi.

Bosh vazirga ko‘ra, HAMAS tomonidan garovga olingan yahudiy harbiylari joylashgan hududlarda ham harbiy operatsiyalar o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu qaror Isroil mudofaa kuchlari bosh shtabi rahbari general-leytenant Eyal Zamirga yetkazilgan. Zamir qarorga rozi bo‘lmagan taqdirda uning iste’foga chiqishi bildirilgan.
Shuningdek, 5-avgust kuni ertalab Isroil rasmiylaridan biri Netanyaxu G‘azo va garovga olinganlar bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilish chaqirganini aytgan. Unda bosh vazir navbatdagi harakatlar borasida barcha mavjud variantlarni ko‘rib chiqayotgani bildirilgan.
Isroil rasmiysining qo‘shimcha qilishicha, AQSHning maxsus vakili Stiv Vitkof mamlakat prezidenti Donald Tramp bilan uchrashish uchun Vashingtonga qaytib ketgan. U oldinroq G‘azo sektoriga ocharchilik holatiga shaxsan guvoh bo‘lish uchun kelgandi. Endilikda HAMAS bilan kelishuv tuzilgan taqdirda, bo‘lajak shartnomada barcha garovga olinganlar ozod etilishi ko‘zda tutiladi.
HAMASning javobi
Netanyaxuning G‘azoni butunlay bosib olishga doir bayonotidan so‘ng, HAMAS harakati bunga javob qaytargan:
“Isroilning bunday tahdidlari oldin ham bo‘lgan. Bundan xavotir olishga hojat yo‘q. Bu bizning qarorlarimizga ta’sir qilmaydi”.
Bu bayonot Qatar poytaxti Dohada HAMAS, Isroil va vositachi davlatlar o‘rtasida oylab davom etgan o‘t ochishni to‘xtatish va garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralardan so‘ng e’lon qilindi. HAMAS muzokaralarga qaytish sharti sifatida G‘azo sektoriga yuk mashinalarida gumanitar yordam kirishini talab qilmoqda.
O‘tgan hafta HAMAS ocharchilikdan aziyat chekayotgan garovdagilar aks etgan video va suratlarni e’lon qilib, ularning ahvoli og‘ir ekanini ko‘rsatgandi. Harakatning ta’kidlashicha, anklavdagi gumanitar yo‘laklar doimiy ravshda ochilsagina, garovdagilar oziq-ovqat bilan ta’minlanadi.

Izoh (0)