Microsoft korporatsiyasi o‘tgan hafta Hindistonning Nayara Energy neftni qayta ishlash kompaniyasini o‘zining bulutli xizmatlaridan vaqtincha uzib qo‘ydi. Bunga sabab kompaniyaning Rossiyaning “Rosneft” bilan aloqadorligi tufayli joriy etilgan Yevropa Ittifoqi sanksiyalari bo‘ldi. Bu haqda The Register nashri xabar bermoqda.

Mojaro 18-iyulda Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini tasdiqlashi bilan boshlangan. Hujjatda ta’kidlanishicha, Hindistonning Vadinar shahridagi neftni qayta ishlash zavodiga egalik qiluvchi Nayara Energy kompaniyasining 49 foizi Rossiyaning “Rosneft” davlat kompaniyasiga tegishli.
Yevropa Ittifoqining fikricha, Nayara Energy “Rossiya Federatsiyasi hukumati uchun muhim daromad manbai bo‘lgan iqtisodiy sektorga jalb etilgan”, bu esa uni sanksiyalar obyektiga aylantiradi.
Nayara Energy sanksiyalarni “asossiz da’volarga asoslangan bir tomonlama qadam” va “xalqaro huquqni ham, Hindiston suverenitetini ham e’tiborsiz qoldiradigan vakolatlarning asossiz kengaytirilishi” deb baholagan.
Microsoft Nayara Energy uchun o‘zining bulutli mahsulotlariga, jumladan Outlook korporativ pochtasi va Teams hamkorlik platformasiga kirishni to‘sib qo‘ygan.
Bunga javoban Hindiston kompaniyasi sudga ariza bilan murojaat qilib, Microsoft’ni “xizmat ko‘rsatishni to‘xtatish bo‘yicha bir tomonlama qaror qabul qilganlikda” ayblagan va IT-gigantni shartnoma shartlarini bajarishga majburlashni talab qilgan. Biroq ikki kundan so‘ng Microsoft xizmatlarga kirishni qayta tikladi.
Shunga qaramay, Nayara Energy xorijiy ta’minotchilarga qaramlikni kamaytirish maqsadida allaqachon Hindistonning mahalliy Rediff kompaniyasi bilan korporativ elektron pochta xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma tuzgan.
Izoh (0)