Saudiya Arabistonining “An-Nassr” klubi Brunu Fernandeshni o‘z safiga qo‘shib olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Foot Mercato nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, riyodliklar allaqachon futbolchining vakillari bilan muzokaralarni boshlagan. Avvalroq Brunu “Al-Hilol” klubining yiliga 70 million yevrolik taklifini rad etgan edi. “An-Nassr” esa undan ham yuqori taklif tayyorlamoqda. Qolaversa, Krishtianu Ronaldu bu transferni amalga oshirish uchun muzokaralarda faol ishtirok etayotgani aytilmoqda.
Riyod klubi so‘nggi yillarda Ronalduning yaqin do‘stlarini jamoaga jalb etish bilan shug‘ullanmoqda. Shu maqsadda “Manchester Yunayted” yetakchisining nomzodi ham ko‘rib chiqilmoqda. Shuningdek, Ronalduning tavsiyasi asosida Joau Feliks bilan ikki yillik shartnoma imzolandi. Ronaldu bu transferni shaxsan nazorat qilgan, hatto shaxsiy samolyotini yuborib, Feliksni Saudiya Arabistoniga olib kelgan.
Fernandeshning Saudiya Arabistoniga ko‘chib o‘tishi borasida “An-Nassr” ustozi Xorxe Jezus ham ijobiy fikr bildirmoqda. Aynan u ilgari Brunuga “Sporting”da ustozlik qilgan edi.
Biroq “Manchester Yunayted” 30 yoshli yarim himoyachidan voz kechishga shoshilmayapti. Brununing klub bilan amaldagi shartnomasi 2027-yilgacha mo‘ljallangan bo‘lib, ingliz klubi uni bitim yakuniga qadar jamoada saqlab qolishni rejalashtirmoqda.
Izoh (0)