Kataloniyaning “Barselona” klubi futbolchisi Lamin Yamal ilk bor 10-raqamli libos ostida raqib darvozasini ishg‘ol qildi. U Koreyaning “Seul” klubiga qarshi o‘yinda dubl qayd etib, jamoasining yirik g‘alabasiga munosib hissa qo‘shdi. Uchrashuvdan so‘ng Lamin ushbu holat bo‘yicha o‘z fikrini bildirdi.

U jurnalistlar bilan suhbatda quyidagilarni ta’kidladi:
Men juda baxtiyorman. “Barselona”ning 10-raqamli libosida gol urish bolaligimdagi eng katta orzularimdan biri edi. Bu holatni so‘z bilan ifodalash qiyin. “Seul” darvozasiga urgan gollarim va jamoaning g‘alabasidan juda xursandman.
Ma’lumot uchun, 16-iyul kuni “Barselona” Yamalning yangi mavsumda 10-raqam ostida harakat qilishini rasman e’lon qilgan edi. Mazkur raqam klub tarixida alohida ahamiyatga ega: Lionel Messi ushbu raqamda 2008-yildan 2021-yilgacha to‘p surgan. Messining ketishidan so‘ng, raqam Ansu Fatiga topshirilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, “Barselona” Janubiy Koreyada o‘tkazayotgan mavsumoldi yig‘in doirasida “Seul” klubini 7:3 hisobida mag‘lub etdi. “Ko‘k-anorranglilar”ning gollariga Lamin Yamal (2 ta), Ferran Torres (2 ta), Robert Levandovski, Andreas Kristensen va Gavi mualliflik qildi.
Izoh (0)