Har qanday mamlakat kinosida tomoshabinlar avvalo ijobiy qahramonlarga e’tibor qaratadi. Biroq ba’zida aynan salbiy obrazlar ko‘proq yodda qoladi va kuchliroq taassurot qoldiradi. Ba’zi aktyorlar esa o‘zlarining salbiy rollariga shu qadar ishtiyoq bilan kirishadilarki, tomoshabinlar ularni yillar davomida faqat shu yovuz qahramonlar bilan bog‘lashadi. Quyida shunday yorqin misollar keltirilgan.
Pelin — “Qo‘rg‘on sirlari”

Pelin “Qo‘rg‘on sirlari” serialining birinchi faslida bosh qahramonlardan biri edi. U uzoq vaqt davomida Feritning qiz do‘sti bo‘lib, uning barcha g‘ayrioddiy xatti-harakatlariga ko‘z yumib kelardi. Zerrinning qizi sifatida u Ferit Korxan uylangach ham munosabatlari o‘zgarmaydi, deb qat’iy ishonardi. Biroq Ferit tez orada Pelin unga kerak emasligini anglab yetdi — ana shunda qiz o‘zining asl qiyofasini namoyon qila boshladi.
Tomoshabinlar uchun haqiqiy zarba esa Pelinning ikkinchi mavsumda kutilmaganda yana paydo bo‘lishi bo‘ldi. U Korxanlar uyiga shunchaki kelib qolmadi — homilador holatda keldi. SeyFer juftligining muxlislari uni juftlikni ajratishga urinayotgan, ruhiy jihatdan beqaror, hamma narsaga tayyor bo‘lgan ayol sifatida qabul qildi.
Eng achinarlisi shuki, tomoshabinlarning bu nafrati faqat obrazga emas, balki aktrisa Burche Buse Kahramanga ham ko‘chdi. Uni tashqi ko‘rinishi, o‘yin uslubi va “Qo‘rg‘on sirlari”dagi roli uchun og‘ir tanqid ostiga olishdi, hatto so‘z tanlamasdan haqorat qilishdi. Aktrisa bu tanqidlarga e’tibor bermaslikka harakat qildi va suratga tushishni davom ettirdi.
Rustam — “Muhtasham yuz yil”

Xurram sultonning homiysi, Sulaymon sultonning kuyovi va Mehrimoh sultonning eri bo‘lgan Rustam oddiy cho‘ponning o‘g‘li edi. Saroy otxonalarida ishlagan bu yigit, keyinchalik Usmoniylar imperiyasining katta vaziri unvoniga ikki marta sazovor bo‘ldi. Biroq “Muhtasham yuz yil” seriali tomoshabinlarining ko‘pchiligi Rustamni chin dildan yomon ko‘rdi. Uni pastkash, jirkanch, yolg‘onchi va sevgiga qodir bo‘lmagan odam sifatida tasvirlashdi. Hatto uning Mehrimoh sultonga bo‘lgan munosabati ham muxlislar tomonidan sevgi emas, balki qaramlik va og‘riqli ishtiyoq deb baholangan.
Rustam rolini Ozan Guven mahorat bilan ijro etdi. O‘zi va suratga olish maydonidagi hamkasblari ham bir necha bor u aslida Rustamga umuman o‘xshamasligini ta’kidlab o‘tishgan. Biroq bu gaplar tomoshabinlarga unchalik ta’sir qilmadi. Hozirga qadar ko‘plab fanatlar Ozanni faqat Rustam posho sifatida eslab, unga shunday munosabatda bo‘lishadi.
Amir — “Sevgi iztirobi” serialining asosiy yovuz qahramoni

Ko‘p yillardan beri “Sevgi iztirobi” serialining bosh qahramonlaridan biri bo‘lgan Amir turk seriallari olamidagi eng yomon obrazlardan biri sifatida eslab kelinadi. Sovuqqon, hisob-kitobli, mag‘rur, shafqatsiz, aqlli va pragmatik biznesmen orzusidagi qizga — Nihonga uylanishga erishadi. Ammo u hech qachon qizning sevgisiga erisha olmaydi. Nihon uni sevolmaydi, hattoki sevishni xohlamaydi ham. Aynan shu narsa Amirni asta-sekin telbaga aylantiradi.
Amirning sirli tabassumi serial tomoshabinlarini bir paytda ham o‘ziga tortadi, ham qo‘rqitadi. Yuqorida tilga olingan boshqa salbiy qahramonlar singari, aktyor Kaan Urganjio‘g‘luni ham ko‘plab tomoshabinlar uzoq vaqt faqat Amir obrazi bilan bog‘lab kelishdi. Biroq “Adolat” serialidagi Ilg‘oz roli unga bu qorong‘i obrazdan chiqib, yangi qiyofada namoyon bo‘lish imkonini berdi.
Nilyay — “Qizil sharbat”

Pembe va Aponing kelini, Mustafoning xotini bo‘lgan Nilyay “Qizil sharbat”da har doim ikki tomonlama, noaniq ayol sifatida tasvirlangan. Uni to‘liq yovuz qahramon deb atash mumkin emas, ammo shunga qaramay, Nilyayning ismi ko‘pincha Turkiya seriallaridagi antiqahramonlar ro‘yxatlariga kiritiladi. Sababi oddiy — u odamlarni bir-biriga qarshi qo‘yishni yoqtiradi, o‘zini boshqalardan ustun qo‘yishga intiladi va shu bilan birga doim o‘zini jabrdiyda sifatida ko‘rsatishni unutmaydi. Uchinchi mavsum davomida ssenariy mualliflari Nilyayni yaxshi obrazda ko‘rsatishga harakat qilishdi (bu ajablanarli emas), ammo bunga erishish qiyin bo‘ldi. Adolat uchun aytish kerakki, Feyza Jivelek o‘z rolini ajoyib ijro etdi. Uning qahramoni, ko‘p jihatdan salbiy bo‘lsa-da, loyihaning asosiy diqqatga sazovor jihatlaridan biri hisoblanadi.
Izoh (0)