Sun’iy intellect rivojlanishi natijasida tarjimonlar, mualliflar, o‘qituvchilar va mijozlarni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi xodimlar ishini yo‘qotish xavfi ostida turibdi. Bu haqda Microsoft korporatsiyasi o‘tkazgan tadqiqot natijalarida ma`lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, korporatsiya tomonidan 40 ta kasb generativ sun’iy intellektning joriy etilishiga bo‘lgan zaifligi nuqtai nazaridan tahlil qilingan.
Microsoft Research tahlilchilarining ma’lumotlariga ko‘ra, sun’iy intellekt ta’siriga eng ko‘p duchor bo‘ladigan kasblar qatoriga tarjimonlar, yozuvchilar, tarixchilar, mijozlarni qo‘llab-quvvatlash xizmati xodimlari, styuardlar, sotuvchilar, raqamli dasturiy boshqaruv yechimlarini ishlab chiquvchilar (CNC), telefon operatorlari, chipta xizmatlari kassirlari, shuningdek, radio boshlovchilar va dijeylar kiradi.
Tadqiqotda ta’kidlanishicha, aynan shu sohalarda sun’iy intellektning faol joriy etilishi kuzatilmoqda. Mualliflarning fikricha, bu mutaxassislarning siqib chiqarilishiga olib kelmasligi, aksincha, inson va texnologiya o‘rtasidagi hamkorlikning kuchayishini ko‘rsatishi mumkin. Bunda sun’iy intellekt samaradorlikni oshirish vositasiga aylanadi.
Mutaxassislarga ko‘ra, sun’iy intellekt matnlarni tayyorlash, tadqiqotlar o‘tkazish va muloqot qilish kabi turli vazifalarni bajara oladi. Biroq, uning alohida operatsiyalarda insonni to‘liq almashtirish imkoniyatlari hamon cheklangan.
Shuningdek, kompaniya avtomatlashtirish eng kam ta’sir ko‘rsatadigan kasblar ro‘yxatini ham tuzgan. Bularga jismoniy mehnat bilan bog‘liq kasblar: asbob-uskunalar operatorlari, qo‘l mehnati mutaxassislari, tibbiyot xodimlari va massajchilar kiradi. Mutaxassislarning qayd etishicha, taktil o‘zaro ta’sir va harakat ko‘nikmalarini talab qiladigan vaziyatlarda sun’iy intellektning imkoniyatlari cheklangan.
Microsoft o‘zining AI yordamchisi - Windows va Edge brauzeriga o‘rnatilgan Microsoft Copilotga ega. Shuningdek, Azure bulutli platformasida ChatGPT, DALL-E va Grok kabi yetakchi generativ modellar ham mavjud.
Microsoft 2-iyul kuni 9 mingg yaqin xodimlarini ishdan bo‘shatayotganini ma’lum qilgandi. Qisqartirishlarga Microsoft o‘z ishchi kuchini yanada samarali qilish uchun sun’iy intellektdan foydalanayotgani ham sabab bo‘lmoqda. Kompaniya bosh direktori Satya Nadella 2025-yil boshida kompaniya dasturlashining 20-30 foizi sun’iy intellekt tomonidan yaratilganini aytgan. Sun’iy intellektga milliardlab sarmoya kiritilayotgani ham ma’lum qilingan.
2025-yilning boshidan beri yetakchi texnologik kompaniyalarda biznes jarayonlarini avtomatlashtirish ortidan xodimlarning keng ko‘lamli qisqarishi kuzatildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniyalarning sun’iy intellekt yechimlariga o‘tishi natijasida 94 mingga yaqin mutaxassis ish o‘rnini yo‘qotdi.
Izoh (0)