Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida yashovchi 32 yoshli fuqaro Murod Qudaboyev spirtli ichimliklar sotuvchi do‘kon egasi tomonidan kaltaklanishi oqibatida vafot etgani haqida xabar berilgandi. Holat yuzasidan sud ishi yakunlandi.

Hodisa haqida qisqacha: Chirchiq shahrida yashovchi 38 yoshli tadbirkor 5-mart kuni soat taxminan 19:00 larda o‘ziga tegishli savdo do‘konini yopib, ketayotgan paytda Chirchiq shahrida yashovchi tanishi Murod Qudaboyev kelib, unga ichimlik berishini so‘ragan.
Do‘kon egasi unga ishini tamomlaganini, uyiga ketayotganini aytsa-da, 32 yoshli erkak spirtli ichimlik sotishini talab qilgan. Ularning o‘rtasidagi muloqot tortishuvga aylangan.
Janjal vaqtida do‘kon egasi qo‘li va oyoqlari bilan Murodning boshi va yuz qismiga bir necha marotaba urib, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan. Natijada fuqaro Chirchiq shahar tibbiyot birlashmasiga olib borilgan. Shifokorlar ko‘rsatgan yordamga qaramay 6-mart kuni vafot etgan.
“Mast holatda kelib, qarzga aroq so‘radi. Qayerdansan, deganida Parkentdanman dedim. Sen ham kelgindi ekansan-da, dedi. Ketdim, deb burilganimda og‘zimga bir musht kelib tushdi. Yiqilib tushdim. Bo‘ynimdan ushlab onamni, ayolimni so‘kdi. Indamadim, qo‘lidan chiqib ketish maqsadida 4-5 musht urdim. Qarasam javob qaytarmayapti. Hushidan ketib qolibdi”, deydi erkak.
Marhumning besh yoshli farzandi bo‘lgan, rafiqasi esa homilador. Aybdor marhumning oilasiga hamdardlik bildirib, barchadan uzr so‘radi.
Sud hukmi bilan erkak 9 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Bundan avval Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida xaridorni pichoqlagan do‘kon sotuvchisi 11 yilga qamalgan edi. Shuningdek, Toshkentda yigit ko‘chada, odamlar oldida tanishini pichoqlagani xabar qilingandi.
Izoh (0)