AQSH sobiq prezidenti Jo Bayden Chikagodagi Amerika huquqshunoslari assotsiatsiyasi yig‘ilishida so‘zlagan nutqida Donald Tramp ma’muriyati davrida “qora kunlar” kelishi haqida ogohlantirdi.

“Buni bo‘yab ko‘rsatib bo‘lmaydi. Bu qora kunlar”, dedi Bayden.
Nashrning qayd etishicha, u Trampni bevosita tilga olmagan, ammo ilgari uni demokratiya va qonun ustuvorligiga tahdid deb atagan.
Sobiq prezidentning aytishicha, AQSH “hayotiy kurash” olib bormoqda.
“Sizlarning ko‘pchiligingiz bu mamlakat o‘zining oliy ideallariga mos kelishi uchun kurashgansiz. 1960-yillarning shiddatli davridan beri bu kurash millat sifatida kimligimizni aniqlash uchun bunday hayotiy ahamiyatga ega bo‘lmagan va ezilgan guruhlarga shunchalik keskin hujum qilinmagan edi”, dedi Bayden.
Oq uyning sobiq rahbari hozirgi ma’muriyatni “haqiqatni yo‘q qilishga” urinayotgani uchun tanqid qilgan va Kongressni “chetda o‘tirib”, hokimiyatni nazorat qila olmaslikda ayblagan.
“Do‘stlarim, biz hozirgi ma’muriyat haqidagi ayanchli haqiqatga yuzma-yuz kelishimiz kerak. U mening ma’muriyatim davrida erishgan barcha yutuqlarimizni yo‘qqa chiqarishga urinmoqda”, degan sobiq prezident.
Shuningdek, u Tramp ma’muriyatining muhojirlar, yuridik firmalar va ommaviy axborot vositalariga qarshi hujumlarini qoralagan.
“Biz ba’zi siyosatchilarimizning bu mamlakatda qonuniy ravishda yashovchi muhojirlarni oilalaridan ajratib, ular bilgan yagona uydan qo‘llarida kishan bilan olib ketilayotganini ko‘rib, ochiqchasiga xursand bo‘lganlarini ko‘ryapmiz. Biz yuridik firmalarning qonunning adolatliligiga qat’iy rioya qilish o‘rniga bosimga bo‘ysunib, zolimlarga yon berayotganini ko‘rib turibmiz”, dedi Amerika sobiq rahbari.
Baydenning ta’kidlashicha, AQSH tarixida ular “erisha olmagan” “hech narsa bo‘lmagan”.
“Biz har bir inqirozdan undan oldingi holatimizga qaraganda kuchliroq chiqqan dunyodagi yagona davlatmiz”, deya xulosa qilgan Bayden.
Iyul oyida Bayden ba’zi Yevropa yetakchilari unga qo‘ng‘iroq qilib, hozirgi siyosiy jarayonga “qo‘shilishni” so‘rayotganini bildirgandi.
Bundan oldin AQSH prezidenti Donald Tramp Baydenni AQSH tarixidagi eng yomon prezident deb atagan, shuningdek, boshqa sobiq prezidentlar — Barak Obama va kichik Jorj Bushni ham tanqid qilgan edi. Tramp faqat o‘zigagina yuqori baho bergan.
5-iyun kuni Tramp Baydenning sog‘lig‘i bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishni buyurdi. Xususan, u sobiq prezident yordamchilarining uning sog‘lig‘i haqidagi ma’lumotlarni yashirgan-yashirmaganini aniqlashni istadi. Shuningdek, Amerika rahbari demokrat yordamchilarining hujjatlarni imzolash uchun avtomatik qalam ishlatgan-ishlatmaganini tekshirishni ham buyurdi.
Izoh (0)