Daryo

Bayden Yevropa rahbarlari undan siyosatga qaytishini so‘rayotganini ma’lum qildi

Oq uyning sobiq rahbari o‘z prezidentligi davrida NATO sezilarli darajada kuchayganini, endi esa, AQSHning xalqaro maydonda o‘z mavqeyini yo‘qotish xavfi borligini bildirgan

1 daqiqa o‘qish4 902 ko‘rishlar0 izoh0

AQSHning sobiq prezidenti Jo Bayden Yevropa davlatlari rahbarlari unga qo‘ng‘iroq qilib, siyosatga qaytishini so‘rayotganini ma’lum qildi. Bu haqda The Wall Street Journal xabar bermoqda.

Foto: Reuters

Ma’lum qilinishicha, Jo Bayden San Diegoda bo‘lib o‘tgan SHRM xodimlarni boshqarish mutaxassislari uyushmasi anjumanida so‘zlab, o‘z ma’muriyatining asosiy yutuqlari hozirgi hokimiyat tomonidan bekor qilinayotganini ta’kidlagan.

“Men juda ko‘p mehnat qilgan va o‘zgartira olgan narsalarning ko‘pi juda tez o‘zgarmoqda”, dedi u.

Bayden o‘z prezidentligi davrida NATO sezilarli darajada kuchayganini, endi esa, AQSHning xalqaro maydonda o‘z mavqeyini yo‘qotish xavfi borligini bildirgan. Biroq Donald Tramp ismini tilga olmagan.

“Men Yevropa rahbarlaridan qo‘ng‘iroqlar qabul qilmoqdaman. Tafsilotlarni ochiqlay olmayman. Ammo bir narsani aytishim mumkin, ular mendan hozirgi vaziyatga aralashishimni so‘rashmoqda. Men buni qilmayman, lekin maslahat beraman”, dedi Bayden.

82 yoshli sobiq prezidentning aytishicha, u AQSH siyosiy hayotida ishtirok etishni davom ettirmoqda. U bilan ham Demokratik, ham Respublikachilar partiyasidan bo‘lgan qonun chiqaruvchilar maslahatlashmoqda.

“Men chindan ham qilayotgan ishimga befarq emasdim”, degan Jo Bayden.

Bundan oldin AQSH prezidenti Donald Tramp Baydenni AQSH tarixidagi eng yomon prezident deb atagan, shuningdek, boshqa sobiq prezidentlar — Barak Obama va kichik Jorj Bushni ham tanqid qilgan edi. Tramp faqat o‘zigagina yuqori baho bergan.

5-iyun kuni Tramp Baydenning sog‘lig‘i bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishni buyurdi. Xususan, u sobiq prezident yordamchilarining uning sog‘lig‘i haqidagi ma’lumotlarni yashirgan-yashirmaganini aniqlashni istadi. Shuningdek, Amerika rahbari demokrat yordamchilarining hujjatlarni imzolash uchun avtomatik qalam ishlatgan-ishlatmaganini tekshirishni ham buyurdi.

Bundan avval Bayden o‘z qarorgohi joylashgan Delaver shtatidan Vashingtonga poyezdda ishga borayotgani, ofisda sirli loyiha ustida mehnat qilayotgani ma’lum qilingandi.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar