AQSH Aeronavtika va kosmik tadqiqotlar milliy boshqarmasi (NASA) rahbariyati xodimlar soni 3 870 kishiga kamayib, taxminan, 14 ming kishiga tushishini kutmoqda. Bu haqda kosmik idoraning rasmiy vakili Sheril Uorner ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, NASA “optimallashtirish va samaradorlikni oshirish zarurati bilan Oy va Marsni o‘rganishni ham qamrab olgan kosmik tadqiqotlar va innovatsiyalar sohasidagi oltin asrga to‘liq intilish imkoniyatini saqlab qolish o‘rtasida muvozanatni ta’minlash” niyatida.
Uorner keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, boshqarmaning 3 870 ga yaqin xodimi (umumiy sonining 21 foizi) ikkita qisqartirish dasturida ishtirok etishga rozilik bildirgan. Ushbu dasturlar doirasida xodimlarga qo‘shimcha to‘lov yoki boshqa imtiyozli shartlar asosida ixtiyoriy ravishda ishdan bo‘shash imkoniyati beriladi.
Aniqlik kiritilishicha, NASA rahbariyati ushbu ikki dastur amalga oshirilgandan so‘ng va odatdagi kadrlar almashinuvi hisobga olinganda, boshqaruv xodimlari soni, taxminan, 14 ming kishini tashkil etishini kutmoqda. Idora vakili bu baholash o‘zgarishi mumkinligini istisno qilmagan. U eslatib o‘tilgan xizmatchilarni ishdan bo‘shatishning aniq muddatlarini keltirmagan.
AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati ilgari bir qator idoralarda ommaviy qisqartirishlarni boshlagan edi. Bu ishda milliarder Ilon Mask faol ishtirok etdi. U yaqin vaqtgacha idoraning federal hukumat samaradorligini oshirish (DOGE), kengayib ketgan davlat apparatini qisqartirish va byurokratiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ishlarini nazorat qilgan.
Izoh (0)