Kino olamida aktyorlarning yillar, hattoki o‘n yillar o‘tgach, o‘zlarining mashhur rollariga qaytishi tez-tez uchrab turadi. Bunday qaytishlar muxlislar tomonidan katta xursandchilik bilan kutib olinadi, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinadi va ko‘pincha yilning eng muhim voqealaridan biriga aylanadi. Ayrim qaytishlar oldindan taxmin qilingan bo‘lsa-da, ba’zilari haqiqiy syurpriz bo‘lib chiqqan.
Kianu Rivz — Neo

1999-yilda “Matritsa” filmi ekranlarga chiqqanida bu kino olamida haqiqiy inqilob bo‘ldi. Ushbu ilmiy-fantastik jangari film falsafiy mazmunga ega. Bosh qahramon Tomas Anderson oddiy dasturchi bo‘lib, kutilmaganda butun atrofdagi dunyo aslida faqat illyuziya, ya’ni odamlarni nazorat qilish uchun mashinalar tomonidan yaratilgan kompyuter simulyatsiyasi ekanini bilib oladi. Kianu Rivz filmda Neo rolini ijro etgan. U virtual urush taqdirini o‘zgartirishga qodir “Tanlangan” isyonchi.
Trilogiya 2003-yilda yakunlangan va o‘shanda bu hikoya butunlay tugagan deb hisoblangan edi. Biroq 2021-yilda, deyarli 20 yildan so‘ng Kianu Rivz kutilmaganda Neo “Matritsa: qayta tirilish” filmi orqali roliga yana qaytdi. Qolaversa, afsonaviy Triniti obrazini ijro etgan Kerri-Enn Moss ham o‘z roliga qaytdi.
Bu ko‘pchilik uchun haqiqiy syurpriz bo‘ldi. Axir Neo uchinchi film finalida halok bo‘lgan edi. Neo obrazining qaytishi filmda “Matritsa”ning yangi, yanada murakkab va xavfli versiyasida u “qayta tirilgan” degan g‘oya bilan tushuntirildi. Kianu Rivz esa bu roldagi qaytishini original hikoyaga bo‘lgan muhabbati bilan izohladi.
Biroq filmga nisbatan munosabatlar ikki xil bo‘ldi. Ba’zi muxlislar Rivzning qaytishidan, nostalgiya va “Matritsa”ni yangicha talqinda ko‘rishga bo‘lgan urinishdan xursand bo‘lishdi. Boshqalar esa ssenariyni tanqid qilib, Neoning qaytishi hech qanday mantiqqa ega emasligini ta’kidlashdi.
Harrison Ford — Indiana Jons

Indiana Jons — kino tarixidagi eng mashhur qahramonlardan biri. U ilk bor 1981-yilda ekranlarda “Indiana Jons: yo‘qolgan kemaning bosqinchilari” filmi orqali paydo bo‘lgan. Arxeolog va sarguzasht izlovchi sifatida Indiana o‘zida professor va superqahramon obrazlarini mujassam etgan: u universitetda dars o‘tardi, so‘ng esa dunyoni qutqarish uchun natsistlar, qadimiy la’natlar va unutilgan ibodatxonalardagi tuzoqlarga qarshi kurashardi.
Indiana Jons 2008-yilda “Indiana Jons va afsonaviy billur chanoq” filmida yana ekranga qaytdi. Ammo bu film avvalgi uch qismdagi shon-shuhratni takrorlay olmadi. Shunga qaramay, 2023-yilda, oradan 15 yil o‘tib Ford beshinchi filmda yana o‘zining mashhur shlyapasini kiyib, qamchisini qo‘lga oldi. Bu safar film “Indiana Jons va taqdir charxpalagi” deb nomlandi. O‘sha paytda aktyor 80 yoshga kirgan edi va uning bunday sarguzashtli rolga qaytishi o‘zi bir yangilik bo‘ldi.
Tomoshabinlar hayratda qolishdi: Ford o‘zining afsonaviy qahramoni bilan munosib, hatto chuqur dramatik tarzda xayrlashdi. Harrison Ford yana bir bor isbotladi: yosh — sarguzashtlardan voz kechish uchun bahona emas.
Yuen MakGregor — Obi-Van Kenobi

Obi-Van Kenobi — “Yulduzlar jangi” sagasining markaziy qahramonlaridan biri. 1970-yillarda yaratilgan asl trilogiyada bu obrazni Alek Ginness ijro etgan. U donishmand va biroz sirli Jedi bo‘lib, Lyuk Skayuokerning ustoziga aylangan va Dars Veyder bilan duelda halok bo‘lgan.
Keyinchalik Jorj Lukas 1990-yillar oxirida yangi prikvellarni suratga ola boshlaganida Obi-Vanning yoshlikdagi rolini shotlandiyalik aktyor Yuen MakGregor bajardi. U Jedi bo‘lib, Respublika gullab-yashnagan davrda yashagan. MakGregor obraziga yangi hayot baxsh etdi: unga hissiyot, hazil va xarizma olib keldi va ko‘plab muxlislar uchun eng yaxshi Obi-Vanga aylandi.
Prikvel trilogiyasi tugagach, uzoq yillar davomida Obi-Van haqidagi hikoya yakunlangan deb hisoblangan edi. Ammo 2022-yilda Disney “Obi-Van Kenobi” serialini chiqardi va Yuen MakGregor 17 yil o‘tib, yana o‘zining afsonaviy roliga qaytdi. Voqealar uchinchi va to‘rtinchi epizodlar oralig‘ida sodir bo‘ladi: Obi-Van Tatuin sayyorasida yashirincha Lyukni kuzatmoqda, biroq birdaniga yangi sarguzasht — kichik shahzoda Leyaning o‘g‘irlanishi va o‘tmishdagi soya, jumladan, Dars Veyder bilan yuzlashishga tortiladi. Qolaversa, bu serialda Heyden Kristensenning ishtiroki yana bir muhim qaytish bo‘ldi.
Linda Hemilton — Sara Konor

1984-yilda chiqqan birinchi “Terminator” filmi nafaqat afsonaviy jangari, balki butun bir madaniy hodisaga aylandi. Hikoyaning markazida oddiy yosh ayol — Sara Konor bo‘lgan. U kelajakda o‘g‘li mashinalarga qarshi urushda insoniyatning bosh yetakchisiga aylanishini bilib qoladi va ortidan kelgan kelajak kiber-qotilidan qochishga majbur bo‘ladi.
Birinchi filmda Sara ojiz, ammo jasur ayol sifatida tasvirlangan bo‘lsa, 1991-yilgi “Terminator 2: qiyomat kuni” filmida u butunlay boshqacha — kuchli va o‘z maqsadiga sodiq jangchi rolida ko‘rinadi. Sara endi shunchaki ona emas, balki haqiqiy kurashchi bo‘ladi.
Linda Hemilton ikkinchi filmidan keyin franshizadan chiqib ketdi va keyingi qismlar usiz suratga olindi. Shuning uchun u deyarli 30 yildan keyin “Terminator: qorong‘i taqdir” filmida roliga qaytganida, bu muxlislar uchun kutilmagan hodisa bo‘ldi. Mualliflar avvalgi qismlarni inkor etib, ikkinchi filmning bevosita davomchisini yaratishga qaror qildi. Sara yana kiber-qotillarga qarshi kurashchi sifatida ekranda paydo bo‘ldi. Arnold Shvarsenegger ham o‘z roliga qaytdi.
Film katta muvaffaqiyat qozona olmadi, ammo ko‘pchilik Linda Hemiltonning obrazdagi qattiqqo‘l va mag‘rur qiyofasini yuqori baholandi — hatto 60 yoshdan oshgan bo‘lsa ham, u taslim bo‘lishdan yiroq.
Tobi Maguayr va Endryu Garfild — O‘rgimchak odam

2002-yilda Sem Reymi tomonidan suratga olingan “O‘rgimchak odam” filmi chiqqach, Tobi Maguayr ko‘pchilik uchun “klassik” Piter Parkerga aylandi — kamtar, superqahramonlik va oddiy hayotni birga olib borishga uringan mehribon yigit. Trilogiya 2007-yilda yakunlandi.
2012-yilda esa franshiza qayta ishga tushirildi va yangi Piter Parker roliga Endryu Garfild tanlandi. Biroq uning hikoyasi rejissyorlar almashuvi sabab to‘xtab qoldi — ikkinchi film bilan cheklangandi.
2021-yilda chiqqan “O‘rgimchak odam: uyga yo‘l yo‘q” filmida esa kutilmagan hodisa yuz berdi — Tobi va Endryu bir ekran yuzida yangi O‘rgimchak odam — Tom Holland bilan birga paydo bo‘ldi. Ularning qaytishi film chiqqunga qadar sir saqlangan edi va bu sahna butun dunyo kinoteatrlarida olqishlar bilan qarshi olindi. Hikoya bo‘yicha, buzilgan multikoinot sabab ular bitta reallikka tushib qoladi.
Bu filmda har ikki obrazga o‘z hikoyalarini “yakunlash” imkoniyati beriladi: Endryu o‘z versiyasida saqlab qololmagan Gvenni bu safar qutqaradi, Tobi esa kichik Piterga ustozlik qiladi. Bu qaytishlar nafaqat filmni chiroyli qilishga xizmat qildi, balki O‘rgimchak odam tarixiga hurmat sifatida qabul qilindi. Bu so‘nggi yillardagi eng yoqimli va muvaffaqiyatli qaytishlardan biri bo‘ldi.
Maykl Kiton — Betmen

Rejissyor Tim Byorton komikslarni ekranlashtirishga kirishgach, u qorong‘i, gotik “Betmen” filmini yaratdi. Bosh rolga esa ko‘proq komedik rollari bilan tanilgan Maykl Kiton tasdiqlandi. Bu jasur qaror edi, ammo u o‘zini oqladi — Kitonning ichki kurashlarga to‘la va jiddiy Betmeni yangi klassikaga aylandi. Film katta muvaffaqiyatga erishdi, 1992-yilda esa “Betmen qaytadi” nomli davomiy qismi chiqdi.
Ammo oradan 30 yildan ko‘proq vaqt o‘tib, 2023-yilda Kiton yana Betmen roliga “Flesh” filmida qaytdi. Hikoya bo‘yicha multikoinot nazoratdan chiqadi va bosh qahramon Barri Allen boshqa reallikka tushib qoladi — u yerda Betmen hali ham Kiton versiyasidir.
“Flesh” filmi umuman olganda tijoriy jihatdan muvaffaqiyatli bo‘lmadi, tanqidlar ham aralash edi. Biroq Maykl Kitonning qaytishi deyarli bir ovozdan filmning eng yaxshi nuqtasi sifatida baholandi. Bu nostalgiya bilan to‘la kamolot timsoli bo‘ldi va ko‘plar uchun zamonaviy superqahramon kinolari aynan o‘sha davrda boshlanganini eslatdi.
Izoh (0)