Chirchiq daryosidan noqonuniy ravishda qum-shag‘al qazib olayotgan “G.S” MCHJ kompaniyasi rahbari sud hukmi bilan 6 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2024-yil 6-noyabrdan 7-noyabrga o‘tar kechasi Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi, viloyat prokuraturasi va huquqni muhofaza qilish organlari hamkorligida navbatdagi tungi reyd tadbiri o‘tkazilgan, unda Chirchiq daryosi muhofaza hududidan qum-shag‘al aralashmasi ortib berilayotgani aniqlangan.
Holatga aniqlik kiritilganda qum-shag‘al aralashmasi “G.S.” MCHJga tegishli bo‘lgan tosh maydalash sexiga olib borib to‘kilayotganligi ma’lum bo‘lgan.
Joriy yilning 25-iyul kuni Toshkent viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tuman sudida “G.S” MCHJ rahbari S.I. ishi ko‘rib chiqilgan. Sud kompaniya rahbari S.I.ni Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topib, uzil-kesil 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilgan.
Shuningdek, sud tomonidan aybdor jazoni umumiy tartibdagi koloniyada o‘tashi va huquqbuzardan davlat foydasiga katta miqdorda zarar uchun jarima undirish belgilangan.
Izoh (0)