Ijtimoiy tarmoqlarda jurnalist Ruxsora Boboqulova Navoiy shahridagi zaharli tutun haqida jonli efirda ochiq gapirib yuborgani ortidan unga bosim bo‘layotgani, Navoiy viloyati teleradiokanalida jonli efirlar to‘xtatilgani haqida xabarlar tarqaldi. Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati bu ma’lumotlarni rad etib chiqdi.

Hokimlik axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 23-iyul kuni viloyat teleradiokanali studiyasida jihozlash ishlari olib borilgani hamda LED ekran o‘rnatilgani bois kunning ikkinchi yarmiga qadar vaqtincha onlayn efirlar to‘xtatib turilgan.
Jihozlash ishlari tugagach, 24-iyul soat 18:00 da viloyat teleradiokanali orqali “Ochiq muloqot” hamda 25-iyul kuni “Assalom, yangi kun!” tonggi dasturi 8:00 dan 10:00 gacha jonli efirga uzatila boshlangan.
Ruxsora Boboqulovaga ham hech qanday tazyiq o‘tkazilmagan va u ayni paytda o‘z ijodiy faoliyatini davom ettirmoqda. U rejaga ko‘ra, haftaning seshanba va payshanba kunlari onlayn efirlarda boshlovchilik qiladi.
Shu bilan birga, Navoiy viloyati hokimligi ommaviy axborot vositalarida demokratik jamiyatning asosiy tamoyillaridan biri bo‘lmish — so‘z erkinligi, ochiqlik, oshkoralik prinsiplarini doimo qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Izoh (0)