Afg‘onistondagi “Tolibon” harakati jamoat joylarida kiyinish qoidalariga amal qilmagan ayollarni hibsga olmoqda. BMT esa ayollarning huquqlari poymol bo‘layotganidan xavotir bildirdi. Bu haqda Euronews xabar berdi.

BMT “Tolibon”ning ayollarni hibsga olishiga shunday munosabat bildirdi:
“Ushbu hodisalar ayollar va qizlarni yanada izolyatsiyalashga, qo‘rquv muhitini yaratishga va jamoatchilik ishonchiga putur yetkazishga xizmat qiladi.”
BMT “Tolibon” hukumatini ayollar va qizlarning inson huquqlari va erkinliklarini cheklovchi, jumladan oltinchi sinfdan keyingi ta’limni taqiqlovchi siyosatni bekor qilishga chaqirdi. Tashkilotning Afg‘onistondagi missiyasi 16-iyuldan 19-iyulgacha Kobulda ko‘plab ayollar va qizlarning hibsga olinganini ma’lum qilgan. Xususan, hibsga olinganlar hijob yoki islomiy ro‘mol o‘rash qoidalariga rioya qilmagani ochiqlangan.
Afg‘onistonning axloq va ezgulik vazirligi 2024-yil yanvar oyida Kobulda ayollar “hijobni to‘g‘ri kiymagani” uchun hibsga olingani haqida ma’lumot tarqatgandi. Vazirlik matbuot kotibi Abdul G‘afar Faruk qancha ayol hibsga olinganini va “noto‘g‘ri hijob” qanday bo‘lishini izohlamagan. O‘sha paytda BMT missiyasi ayollarga nisbatan zo‘ravonlik qilish holatlarini tekshirayotganini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, “Tolibon” 2022-yil may oyida ayollarga faqat ko‘zlarini ko‘rsatishga ruxsat berib, boshdan-oyoq paranji kiyishni talab etuvchi qaror chiqargandi. Keyinroq esa ayollarga nafaqat erkaklar, balki boshqa ayollar bilan ham ochiqchasiga gaplashish ta’qiqlangandi.
Izoh (0)