Imkoniyati cheklangan shaxslarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish va ularning bandligini ta’minlash maqsadida “Aktyor” loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Madaniyat vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Joriy yil 9-iyun kuni vazirlikning Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘limi tomonidan ishlab chiqilgan yangi loyihasi muhokama qilindi. Unda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, aktrisa Ra’no Shodiyeva ishtirok etdi. U “Aktyor” loyihasi haqida fikr bildirar ekan, uni yoshlar, xususan, imkoniyati cheklanganlar uchun kasbga yo‘naltiruvchi muhim qadam sifatida baholadi.
Bundan asosiy maqsad imkoniyati cheklangan shaxslarni aktyorlik kasbiga o‘qitishdir. Dastlabki jarayonda bilim va tajriba orttirish uchun yetarli shart-sharoit yaratiladi, so‘ng vazirlik tizimidagi tashkilotlar bilan hamkorlik asosida ishga joylashishga va ish sharoitiga moslashishga yordam beriladi. Ishga joylashgandan so‘ng ham kuzatuv tashkil etilib, yoshlar faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashiladi.

Muhokama ishtirokchilari ushbu tashabbus ilgari amalda bo‘lmaganini ta’kidlab, uning yosh iste’dodlarni yuzaga chiqarishda muhim o‘rin tutishini qayd etdi.
Ra’no Shodiyeva loyiha doirasida ko‘ngilli sifatida ishtirok etishga tayyorligini bildirdi hamda barcha o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
Izoh (0)