Yozgi transfer oynasi yakuniga qadar “Manchester Siti”ni bir nechta futbolchilar tark etishi mumkin. Xususan, ispaniyalik yarim himoyachi Niko Gonsales “shaharliklar” safida kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘layotganidan norozi bo‘lib, boshqa jamoaga o‘tmoqchi. Bu haqda Goal nashri xabar bermoqda.

Manbaga ko‘ra, 23 yoshli futbolchining agenti allaqachon unga yangi klub izlash ishlarini boshlagan. Gonsalesga Yevropaning bir nechta klublari hamda Saudiya Arabistonining hozircha nomi oshkor etilmagan jamoasidan takliflar mavjud. Agar muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlansa, u yozgi transfer oynasi davomida “shaharliklar” safini tark etadi.
Eslatib o‘tamiz, Niko Gonsales joriy yilning fevral oyida Portugaliyaning “Portu” klubidan “Manchester Siti”ga 60 million yevro evaziga transfer qilingan edi.
Shunga qaramay, futbolchi jamoada yetarli o‘yin amaliyotiga ega bo‘la olmadi. Xususan, u Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida atigi bir o‘yinda maydonga tushgan. Shu sababli ispaniyalik yarim himoyachi jamoani tark etish niyatida.
Ma’lumot uchun, Gonsales “Siti” safida hozirgacha 12 ta uchrashuvda maydonga tushib, 2 ta gol muallifiga aylangan. Uning klub bilan shartnomasi 2029-yil yoziga qadar amal qiladi. Transfermarkt portali futbolchining bozor qiymatini 40 million yevroga baholagan.
Izoh (0)