Janubiy Koreya 2025-yil boshida dengizdan qutqarib olingan 6 nafar shimoliy koreyalik qochqinni o‘z vataniga qaytarib yubordi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

Qochqinlar mart va may oylarida kemada ikki davlat dengiz chegarasi orqali suzib o‘tgandi. Seulning ma’lum qilishicha, ular uyga qaytish istagini bir necha bor bildirib, o‘zlarining “to‘liq rizoligi bilan” vataniga qaytarilmoqda.
Seul va Pxenyan o‘rtasida ushbu qochqinlarni qaytarish borasida bir necha bor muzokaralar o‘tkazilgan. Ikki mamlakat o‘rtasidagi bu aloqalar Janubiy Koreyaning yangi prezidenti Li Chje Myon munosabatlarni mustahkamlash ustida ishlayotganidan darak berib turibdi.
Hokimiyat tepasiga kelganiga bir oy to‘lgani munosabati bilan Janubiy Koreya prezidenti o‘tgan haftada matbuot anjumani o‘tkazgan. Unda Li Seul o‘z ittifoqchisi AQSH bilan kelishgan holda Pxenyan bilan munosabatlarni yaxshilash ustida ishlashi lozimligini aytgan. Bu muloqotni to‘xtatish esa “ahmoqona harakat” bo‘lishi ta’kidlangan.
Janubiy Koreya harbiylari iyun oyida mamlakatlararo chegara orqali Shimoliy Koreyaga qarshi tashviqot olib borayotgan radiokarnaylarni o‘chirib qo‘ygandi. O‘shanda milliy mudofaa vazirligi bu harakat “Koreyalararo munosabatlarda ishonchni tiklash va tinchlikni ta’minlashini” aytgandi.
Oldinroq shimoliy koreyalik erkak 3-iyul kuni chegarani kesib, Janubiy Koreyaga qochib o‘tgani haqida xabar berilgandi. Janubiy Koreya harbiylari uni chegaraning markaziy-g‘arbiy qismi yaqinida ta’qib qilgan. Shundan so‘ng erkak hududdan xavfsiz o‘tishi uchun unga ko‘rsatmalar berilgan. Keyin esa u hibsga olingandi.
Izoh (0)