Meksikalik bokschi Xulio Sezar Chaves AQSh Immigratsiya va bojxona xizmati (ICE) tomonidan hibsga olindi. AQSh Ichki xavfsizlik departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, u deportatsiya qilinishi kutilmoqda.

Chaves 2023-yil avgust oyida turist vizasi bilan AQShga kirgan, ammo uning vizasi 2024-yil fevralda muddati tugagan. Rasmiylar uning immigratsiya hujjatlarida yolg‘on ma’lumot berganini aytmoqda. Bundan tashqari, Meksikada u jinoyat ishlari bo‘yicha qidiruvda bo‘lib, qurol, o‘q-dori va portlovchi moddalar savdosida ishtirok etgan deb gumon qilinmoqda.
2024-yil aprel oyida Chaves AQSh fuqarosi bilan turmush qurgani uchun doimiy yashash huquqini so‘rab ariza topshirgan. Ammo rasmiylarga ko‘ra, uning rafiqasi ilgari Meksikadagi yirik narkokartel — Sinaloa narkotik moddalar bilan shug‘ullanuvchi guruh yetakchisi El Chaponing o‘g‘li bilan munosabatda bo‘lgan.
Chaves 4-yanvar kuni yana AQShga kirgan. Rasmiylar esa 27-iyun kuni uni mamlakatda noqonuniy yashayotgan deb topib, chiqarib yuborish haqida qaror chiqargan.
Shunga qaramay, u 28-iyun kuni Kaliforniyada taniqli bloger Jeyk Pol bilan ringga chiqdi va hakamlarning bir ovozi bilan mag‘lub bo‘ldi. Bu Chavesning so‘nggi to‘rt yil ichidagi atigi ikkinchi jangidir.
AQSh rasmiylarining aytishicha, bunday jinoyatchilarning mamlakatga kirishiga endi yo‘l qo‘yilmaydi. “Hech kim qonundan ustun emas, hatto dunyoga mashhur sportchilar ham,” — dedi Ichki xavfsizlik departamenti vakili Trisha Maklofllin.
Prezident Tramp boshchiligidagi hukumat yana hokimiyatga kelganidan beri noqonuniy muhojirlarni chiqarib yuborishga katta e’tibor qaratmoqda. Bu borada jinoyat sodir etganlar ham, oddiy hujjatsizlar ham ommaviy deportatsiya qilinmoqda. Ayrim muhojirlar vaqtincha lagerlarda saqlanmoqda yoki xorijiy qamoqxonalarga yuborilmoqda.
Ma’lumot uchun, 39 yoshli Chaves professional faoliyati davomida 62 ta jang o‘tkazib, o‘z hisobiga 54 marta g‘alaba yozdirib qo‘ygan. 7 ta jangda mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa, 1 bahda durang qayd etilgan. U 54 ta g‘alabasining 34 martasida raqiblarini nokaut bilan mag‘lubiyatga uchratgan.
Izoh (0)