Xitoyning janubi-g‘arbiy qismidagi suv toshqini oqibatida 80 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilindi. Bu haqda Channel News Asia xabar berdi.

Xitoy bu yozda ekstremal ob-havoni boshdan kechirmoqda. Mamlakatning ba’zi hududlarida issiqlik hukmron bo‘lsa, ba’zi joylarda yomg‘ir va bo‘ronlar avj olgan. Suv toshqinlari sababli 25-iyun kuni ko‘prik qulab tushgan. Unga osilib qolgan yuk mashinasi haydovchisi qutqarib olingan.
Janubi-g‘arbiy Guychjou provinsiyasidan 80 mingga yaqin odam evakuatsiya qilingan. Rongjiang okrugida esa futbol maydoni 3 metr suv ostida qolib ketgan. Qutqaruvchilar suv toshqini yuz bergan hududlardan aholini ko‘chirish uchun qayiqlardan foydalangan.
“Suv juda tez ko‘tarildi. Men uchinchi qavatda qolib, qutqaruvchilarni kutdim. Kunning ikkinchi yarmida meni evakuatsiya qilishdi”, dedi mahalliy aholi vakillaridan biri.
Suv toshqinidan jabrlanganlarga oziq-ovqat, jumladan, guruch yetkazib berish uchun dronlar ishga solingan. Suv toshqinlari qo‘shni Guansi viloyatida ham sodir bo‘lgan.
O‘tgan hafta Xitoyning markaziy Xunan provinsiyasida kuchli yomg‘ir tufayli o‘n minglab odamlar evakuatsiya qilingandi. Mamlakat janubida esa “Vutip” to‘foni sababli 70 mingga yaqin odam ko‘chirilgandi.
Izoh (0)