O‘zbekistonda 2026-yildan boshlab iqtidorli boshqaruvchilar va liderlarni, yangi avlod rahbarlarini aniqlash va tanlash bo‘yicha “Top-100” dasturi joriy etiladi. Bu haqda prezident farmonida belgilandi.

Unga ko‘ra, “Top-100” dasturi asosida har ikki yilda bir marta 100 nafar salohiyatli boshqaruv kadrlarini saralab olish bo‘yicha respublika tanlovi o‘tkaziladi. Dasturda belgilangan mezonlarga asosan davlat xizmatchilari, jamoat tashkilotlari vakillari, tadbirkorlar, xorijdagi vatandoshlar va boshqa shaxslar ixtiyoriylik asosida ishtirok etadi.
Dastur ishtirokchilarining tanlov topshiriqlarini bajarish jarayonida ko‘rsatgan bilimi va intellektual salohiyati, vatanparvarligi, tashkilotchiligi, boshqaruvchilik va liderlik sifatlari ularni baholashning asosiy mezonlari bo‘lib hisoblanadi.
“Top-100” dasturi g‘oliblari BHMning 100 baravari (41,2 million so‘m) miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi, maxsus o‘quv dasturi asosida o‘qitiladi, “ustoz-shogird” an’anasi asosida tajribali rahbarlarga shogird sifatida biriktiriladi, boshqa davlat organlariga tajriba oshirish uchun tegishli lavozimni egallagan holda bir yilgacha muddatga vaqtincha xizmat safariga hamda xorijiy stajirovkaga yuboriladi.
Dastur g‘oliblari Milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi hamda respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida hamda boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida rahbarlik lavozimlarini egallash uchun asosiy talabgorlar hisoblanadi.
Farmon bilan yana nimalar belgilandi?
Ushbu farmon bilan, shuningdek, 2026-yil 1-yanvardan boshlab davlat organlari faolligining milliy reytingi joriy etiladi. Reyting natijalariga ko‘ra hukumat majlislarida rahbarlar faoliyatiga baho berib boriladi.
Davlat xizmatchilari lavozim maoshi ularning ish tajribasi, ilmiy va malaka darajasi, natijadorligi hamda boshqa ko‘rsatkichlardan kelib chiqib shakllantiriladi. Davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilingan davlat xizmatchilari bilan mehnat shartnomasi dastlab bir yil muddatga tuziladi va keyinchalik faoliyatining ijobiy natijalariga ko‘ra mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga uzaytiriladi. Davlat xizmatchilari xizmat safari rejasi va natijalari, geografiyasi, xodimlar soni hamda xarajatlarni onlayn kuzatib borish imkoniyati yaratilishi ham belgilandi.
Davlat xizmatchilari yiliga kamida bir marta tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Ularda sog‘lom ovqatlanish keng joriy qilinadi hamda shirinliklar, yog‘li, xamir solingan oziq-ovqat mahsulotlari va taomlar, shuningdek, odam sog‘ligiga salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi boshqa turdagi mahsulotlarning savdosi cheklanadi.
Izoh (0)