Isroil yaqin orada Eronga qarshi harbiy operatsiyani yakunlashga umid qilmoqda va allaqachon AQSHga tegishli signallarni yuborgan. Bu haqda yahudiy davlati rasmiylariga tayanib Reuters xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, Isroilning aviazarbalarni tugatish qarori Tehronning keyingi harakatlariga bog‘liq bo‘ladi. Yahudiy rasmiylari joriy kampaniyani yakunlashga, Eronning raketa, dronlar hujumini to‘xtatishga va keyingi hujumlardan qochish imkonini beradigan chiqish strategiyasini shakllantirishga harakat qilmoqda.
Biz hali yakuniy maqsadga erishganimiz yo‘q, ammo bu haftalar emas, kunlar masalasiga o‘xshaydi. Isroil nuqtayi nazaridan, operatsiyaning tugashiga oz qoldi, dedi Reuters agentligiga Isroil milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi sobiq o‘rinbosari Eran Lerman.
Uning fikrini Isroilning uch amaldori ham tasdiqlagan. Shunga qaramay, ba’zi rasmiylar va tahlilchilar fikricha, Tel Aviv mojaroning tugash muddatini nazorat qila olmaydi. Agar Eron keskinlashuvni davom ettirishga qaror qilsa, uzoq va qimmatga tushadigan urushga aralashib qolishi xavfi bor.
Garchi Isroil rasmiylari harbiy operatsiya tez orada yakunlanishini aytgan bo‘lsa-da, Yevropa diplomatlari va Yaqin Sharq mamlakatlari vakillari Reuters’ga bergan izohlarida Isroil bu rejalari haqida AQSHdan boshqa ittifoqchilariga ma’lumot bermaganini ta’kidlamoqda.
Isroil armiyasi va hukumatidagi rasmiylar vaziyat qanday rivojlanishi endi faqat Eronning harakatlariga bog‘liq ekanini aytgan.
Endi bu eronliklarga bog‘liq, dedi isroillik harbiylardan biri.
Agar Tehron yangi hujumlardan voz kechsa, Isroil operatsiyani imkon qadar tez tugatmoqchi, deya xabar beradi manbalar.
Ikki yevropalik diplomatning fikricha, Eron rasmiylari vaziyatni yumshatish niyatini aniq ko‘rsatishi kerak. Biroq ulardan biriga ko‘ra, agar Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy o‘zini xavfsiz his qilsa, u mojaroni cho‘zib yuborishi va uni uzoq muddatli qarama-qarshilikka aylantirishi mumkin.
Izoh (0)