Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi ko‘rsatmalarni tahlil qilish va so‘roqlarni tayyorlashda yordam beradigan, shuningdek, tergov muddatini qisqartiradigan yangi loyiha — tergovchining interaktiv yordamchisini ishga tushirdi. Bu haqda IIV matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, tashabbus prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayevning sun’iy intellektni jadal rivojlantirish bo‘yicha topshirig‘ini bajarish maqsadida amalga oshirilgan. Sun’iy intellekt “Sudgacha tekshiruvlarning yagona reyestri” axborot tizimiga joylashtirilgan bo‘lib, tergovchilarga kundalik ishlarni avtomatlashtirish imkonini beradi
Yangi tizim nutqni matnga aylantirish, turli shaxslarning ko‘rsatmalarini taqqoslash va ulardagi ziddiyatlarni aniqlash, so‘roq uchun aniqlashtiruvchi savollarni taklif etish hamda protsessual hujjatlarni avtomatik tarzda shakllantirishni uddalaydi.
Sun’iy intellekt to‘rtta asosiy modulni o‘z ichiga oladi: tergovni rejalashtirish, ko‘rsatmalarni qayta ishlash, hujjatlarni tayyorlash, tahlil va bashoratlar.
Ta’kidlanishicha, loyiha tergov muddatini qisqartirishga yordam beradi va tergovchilarni texnik ishlardan xalos etadi. 19-iyundan boshlab tizim poytaxtning Yesil tumani politsiya boshqarmasida sinov tartibida ishlay boshlagan. Kelgusi haftada uni Aqmo‘la viloyatidagi Qo‘shchi shahar politsiya bo‘limida ishga tushirish rejalashtirilgan.
Izoh (0)