Eron bilan urush Isroilga kuniga yuzlab million dollarga tushmoqda, bu esa yahudiy davlatining uzoq muddatli jangovar harakatlar olib borish qobiliyatini sezilarli darajada cheklashi mumkin. Bu haqda The Wall Street Journal xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, Isroil kuniga 200 million dollargacha mablag‘ni havo mudofaasiga sarflamoqda. Ham zarba berish, ham raketalarni qaytarish uchun ishlatiladigan o‘q-dorilar va samolyotlar ham xarajatlarni sezilarli darajada oshiradi. O‘sib borayotgan xarajatlar Isroilni mojaroni tugatishga undashi mumkin. Chunki vayron bo‘lgan binolarni tiklashning o‘zi kamida 400 million dollarga tushishi kutilmoqda.
Biroq yahudiy davlatining urushga sarflayotgan mablag‘i bo‘yicha prognozlar turlicha. Financial Express nashrining yozishicha, aviazarbalar, parvoz vaqtlari va o‘q-dorilarni o‘z ichiga olgan hujum harakatlarining o‘zi taxminan 593 million dollarga tushdi.
Bundan tashqari, raketalarni tutib olish va zaxira qo‘shinlarini tezda joylashtirish ham mablag‘ talab etadi. Shundan kelib chiqib nashr Eron bilan urush Isroilga kuniga taxminan 725 million dollarga tushayotganini yozmoqda. Bu raqam faqat bevosita harbiy xarajatlarni qamrab oladi.
Sobiq mudofaa bo‘yicha katta amaldor va SAXAL shtab boshlig‘ining moliyaviy maslahatchisi Re’em Aminach aytishicha, Isroil Eronga qarshi birgina 48 soatlik operatsiyada 1,45 milliard dollar sarflagan.
G‘azoga qarshi urush xarajatlari
Calcalist nashriga ko‘ra, G‘azodagi urush 2024-yil oxiriga kelib Isroilga 250 milliard shekeldan ortiq (taxminan 67,5 milliard dollar)ga tushgan. Bu umumiy summa bevosita harbiy operatsiyalar, fuqarolarga yordam uchun sarflangan mablag‘lar va urush tufayli iqtisodiy uzilishlardan kelib chiqqan daromad yo‘qotishlarini o‘z ichiga oladi.
Zaxira qo‘shinlarini safarbar qilish eng katta xarajatlardan biri bo‘lgan. G‘azo urushi davomida 300 mingdan ortiq zaxira askarlari safarbar etilgan. Isroil Moliya vazirligi hisob-kitobiga ko‘ra, 100 ming nafar askarni bir kun saqlab turish — ish haqi, logistika, oziq-ovqat va yashash xarajatlarini qo‘shganda — 100 million shekelgacha, ya’ni taxminan 27 million dollarga tushadi
Izoh (0)