Toshkent shahar hokimligi tashqi reklama va axborot konstruksiyalarini joylashtirish sohasida tartibni ta‘minlash bo‘yicha ishlarni tizimli ravishda davom ettirayotganini maʼlum qildi.

Shahar infratuzilmasi tahliliga ko‘ra, ruxsatsiz o‘rnatilgan reklama shitlari, bannerlar va peshlavhalar obodonlashtirish qoidalarini buzib, poytaxt ko‘chalari va tumanlarining ko‘rinishini buzmoqda.
Shuningdek, piyodalar yo‘laklari va yo‘l chetlarini to‘sib qo‘yib, ayniqsa kam harakatlanuvchi fuqarolarning yurishini qiyinlashtirmoqda. Shu bilan birga, yo‘l harakati xavfsizligiga xavf tug‘dirib, yo‘l belgilarini ko‘rishga xalaqit bermoqda.
Bundan tashqari, muhandislik tarmoqlariga, jumladan sug‘orish kanallariga zarar yetkazib, yomg‘irli mavsumda hududlarning suv bosishiga sabab bo‘lmoqda.
Qonuniylikni ta‘minlash va poytaxtning me‘moriy yaxlitligini saqlash maqsadida maxsus xizmatlar tegishli ruxsat hujjatlari bo‘lmagan reklama konstruksiyalarini olib tashlamoqda, deya qo‘shimcha qilingan hokimlik xabarida.
Poytaxt hokimligi biznes egalari, yakka tartibdagi tadbirkorlar va ijarachilarga murojaat qilgan:
- Reklama obyektlaringiz — bannerlar, ko‘rsatkichlar, konstruksiyalarni joylashtirish uchun rasmiy ruxsatnoma borligiga ishonch hosil qiling.
- Joylashtirilgan reklamalar texnik talablarga javob berishi va piyodalar hamda transport vositalarining harakatiga to‘sqinlik qilmasligiga ishonch hosil qiling.
- Qoidabuzarlik holatlari aniqlansa, jarimalar va qo‘shimcha xarajatlardan qochish uchun obyektlarni o‘zingiz bartaraf eting.
Tashqi reklamani joylashtirish uchun yagona qonuniy asos Toshkent shahri vakolatli organlari tomonidan berilgan hujjatlar ekanligi eslatib o‘tilgan.
Izoh (0)