Tabbi yulduzi yaqinida yuqori texnologik rivojlangan sivilizatsiya mavjud bo‘lishi ehtimoli haqidagi taxminlar asossiz bo‘lib chiqdi. Oqqush yulduz turkumidagi KIC8462852 yulduzi yaqinida o‘zga sayyoraliklarning qandaydir megastrukturalardan iborat texnologik taraqqiyoti mavjudligi haqidagi taxminlarni ushbu taxminlar muallifining o‘zi — Tabeta Boyajan birinchilardan bo‘lib istisno qilgan. Ushbu faraz eng oxirgi bo‘lib ko‘rib chiqiladigan taxmin ekanligini avvalgi sharhda ham yozgan edik. Mana endi ushbu eng g‘ayriilmiy taxmin, kutilganidek, olimlar tomonidan istisno qilinmoqda.
KIC8462852 yulduzning o‘zini g‘alati tutayotgani sababini uning yaqinida ongli mavjudotlar bo‘lishi ehtimoli bilan bog‘lanishiga sabab, yulduz yorqinligining davriy xiralashuvi notekis xarakterli bo‘lgani tufayli edi. Albatta, tungi osmonda hamma yulduzlar ham miltillaydi. Odatda bunday miltillashning sababi Yerimizning atmosferasidagi hodisalar bilan bog‘liq bo‘ladi. Koinotning o‘zida esa yulduzning miltillashi, ya’ni uning yorqinligining davriy o‘zgarishi, uning qarshisidan biror sayyora o‘tayotgani sababli bo‘lishi mumkin. Bu usul “tranzit usuli” deyilishini avvalgi maqolada ham aytgan edik. Ushbu tranzit usuli vositasida astrofiziklar ekzosayyoralarni qidirib topishlaridan ham xabardorsiz.
KIC8462852 yulduzning davriy xiralashuvi esa notekis bo‘lib, aynan shu omil uning yaqinidan sayyoraning tranzit o‘tishi borasidagi taxminni inkor qiladi. Yulduz yaqinida katta miqdorda kosmik chang, asteroidlar yoki kometalar bo‘lishi borasidagi taxminlar ham tegishli ilmiy dalillar asosida inkor etilgan. Oqibatda esa o‘sha futuristik gipoteza — o‘zga sayyoraliklarning texnologiyalari shunday g‘alati miltillashga sabab bo‘layotgani haqidagi faraz ham o‘rtaga chiqqan edi.
Oqibatda bu yulduzga nisbatan qiziqish keskin ortib ketdi va xuddi “Abdullajon” filmidagi Ivan Ivanovich singari bolaligidan beri “o‘zga”larni kutayotgan ishqibozlarni hovliqtirib yubordi. Lekin, afsuski, bu safar ham “o‘zga”larni qidirishga bel bog‘lagan ushbu kampaniyaning tarvuzi qo‘ltig‘idan tushdi. KIC8462852 yaqinida hech qanday o‘zga sayyoraliklar yo‘q. “Uzr, biz adashdik...” — qabilidagi xulosalar endilikda hafsalasi pir bo‘lgan astrofiziklar tomonidan, birinchi navbatda, o‘sha g‘oya muallifi Tabeta Boyajanning o‘zi tomonidan aytilmoqda.
“Inkorning ilmiy asoslariga to‘xtaladigan bo‘lsak, u mazkur yulduzni sinchiklab kuzatishning to‘rt fazasiga tayandi. Kaliforniyadagi Las Kumbers rasadxonasi orqali olib borilgan yulduz yorug‘ligining multispektral tahlillari natijasi ayrim to‘lqin uzunligi diapazonlaridagi xiralashuv boshqalariga qaraganda keskinroq va yaqqolroq sodir bo‘layotganini ko‘rsatgan. Bu esa o‘sha obyekt orqali muayyan yorug‘lik to‘lqinlari turli xil intensivlik bilan to‘sib qo‘yilayotganidan dalolat beradi. Demakki, xiralashuv paytida yulduz qarshisidan nima o‘tayotgan bo‘lgan taqdirda ham, u to‘liq nur singdirish xossasiga ega emasligi aniq. Ya’ni yulduz qarshisidan qandaydir ekzosayyora yoki ekzosayyoraliklarning texnologik qurilmalari o‘tmayotganiga ishonchli xulosa qilish mumkin” - deb bayonot bergan Boyajan.
O‘zga sayyoraliklar haqidagi nazariyalar ishqibozlari baxtiga qarshi, ushbu navbatdagi shov-shuv ham quruq xomxayol bo‘lib chiqqan bo‘lsa-da, biroq KIC8462852 ning bunday g‘ayrioddiy qiliqlariga hali ham asosli tushuntirish topilgani yo‘q. Lekin bundan Tabbi yulduziga bo‘lgan qiziqish batamom so‘ndi deb xulosa chiqarish ham to‘g‘ri emas. Olimlar ushbu anomaliyaning sababini tagiga yetish uchun yanada qattiqroq ishga kirishgan. Ayniqsa bu maqsad uchun allaqachon sarflab qo‘yilgan vaqt, mablag‘ va asab tolalari haqida o‘ylab, endilikda astrofiziklar mazkur fenomenning javobini topmaguncha izlanishlari aniq.
Muzaffar Qosimov tayyorladi.
Izoh (0)