“Oliy ma’lumotli kadrlarga davlat buyurtmasini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan davlat buyurtmasi maxsus elektron platforma orqali shakllantiriladi. Hujjatda qayd etilishicha, mehnat resurslari, bandlik va aholini ishga joylashtirishni har tomonlama tahlil qilish hamda sifatli va xolisona baholash, ayniqsa, mehnat bozoriga ilk bor kirib keluvchi mehnatga layoqatli yoshlar bandligini ta’minlash maqsad qilingan.
Davlat buyurtmasi — iqtisodiyot tarmoqlarining oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan talabidan kelib chiqib, davlat granti ko‘rinishida ajratiladigan kadrlarga bo‘lgan buyurtma.
2025/2026-o‘quv yilidan oliy ma’lumotli kadrlarga davlat buyurtmasi platformada jamlangan ma’lumotlar va mehnat bozori talabini tahlil qilish asosida aniqlanadi. Kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj 4 yillik davrga ishlab chiqilib, har yili mehnat bozorining o‘zgarish tendensiyalari, hududlarda ijtimoiy soha muassasalari va iqtisodiyot tarmoqlarini kadrlar bilan ta’minlashni inobatga olgan holda, platformaga tegishli tuzatishlar kiritib boriladi.
Platformaga jumladan quyidagi ma’lumotlar kiritib boriladi:
- iqtisodiyot tarmoqlarida rasman band bo‘lgan aholi soni;
- davlat va nodavlat OTMlari bitiruvchilarining o‘qishni tamomlagandan so‘ng rasman bandligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- mehnat resurslari balansi, mehnat bozorida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha bandlik darajasi haqida;
- “Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish (NEMIS)” axborot tizimida mavjud bitiruvchilar va OTMlar to‘g‘risida.
Nizom quyidagilarni nazarda tutadi:
- davlat buyurtmasini shakllantirishda ma’lumotlarni jamlash, qayta ishlash va buyurtmani yuqori turuvchi organlarga taqdim etish;
- ish beruvchilarning oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash tartibi;
- iqtisodiyot tarmoqlarini mutanosib rivojlantirib borish maqsadida davlat buyurtmasini shakllantirishda ustuvorlik beriladigan yo‘nalishlarni aniqlash.
2025-yildan 4 yillik davr uchun davlat buyurtmasi parametrlarini oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan talab prognoziga muvofiq ravishda tasdiqlash uchun ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasiga har yili 1-mayga qadar kiritish ta’minlanadi.
O‘zbekistonda 2024/2025-o‘quv yili qabulidan boshlab davlat buyurtmasi parametrlarini davlat oliy taʼlim muassasalari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilingandi. “Oliy taʼlim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi prezident farmoni bilan 2025-yildan boshlab davlat buyurtmasi parametrlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan shakllantiriladigan oliy maʼlumotli kadrlarga bo‘lgan talab prognoziga muvofiq ravishda 4 yillik davr uchun tasdiqlanishi belgilangandi.
Izoh (0)