AQSHning Alabama shtatida yashovchi Tovana Luni ismli ayol genetik o‘zgartirilgan cho‘chqa buyragi bilan rekord darajada 130 kun yashadi. Biroq ayol organizmi buyrakni rad etgach, u 4-aprel kuni olib tashlandi. Bu haqda Associated Press xabar berdi.

Ayolning buyragi tibbiy markazda olib tashlangach, uyiga qaytishga ruxsat berilgan. U shifokorlarga “bunday ajoyib ilmiy izlanishda ishtirok etish imkoniyati uchun” minnatdorlik bildirgan.
Natija barchamiz xohlagandek bo‘lmasa-da, cho‘chqa buyragi bilan o‘tgan 130 kunimdan juda ko‘p saboqlar olindi, bu esa kelajakda buyrak yetishmovchiligi bilan kurashayotgan boshqa ko‘plab insonlarga yordam va ilhom manbai bo‘ladi, deb o‘ylayman, degan Luni.
U 2016-yildan buyon gemodializda edi va inson buyragini qabul qilish uchun sog‘lig‘i mos kelmasdi. Uning immuniteti buyrakni rad etishga tayyor edi. Shuning uchun unga cho‘chqa buyragi o‘rnatildi. Buyrak noyabr oyidan to aprelgacha xizmat qildi. Bu cho‘chqa organi bilan yashagan inson uchun eng uzoq muddat hisoblanadi.
Olimlar hozirda cho‘chqalarni genetik o‘zgartirib, ularning a’zolarini insonnikiga moslashtirish ustida ish olib bormoqda. Bu donor a’zolarining keskin tanqisligiga qarshi kurashning bir yo‘lidir. AQSHda 100 mingdan ortiq kishi transplantatsiya ro‘yxatida turibdi, ularning aksariyati buyrakka muhtoj. Minglab bemorlar kutish davomida hayotdan ko‘z yumadi.
Lunining operatsiyasigacha AQSHda faqat to‘rt nafar bemor genetik o‘zgartirilgan cho‘chqaning a’zosi (ikkita yurak va ikkita buyrak) bilan tajriba tariqasida yashagan. Bu a’zolar ikki oydan ko‘p ishlamagan. Ushbu bemorlar og‘ir ahvolda bo‘lgan va operatsiyadan keyin vafot etgan.
Endi esa olimlar buyrak transplantatsiyasini yengilroq ahvoldagi bemorlarda sinab ko‘rmoqda. Masalan, yanvar oyida Nyu Hempshir fuqarosi cho‘chqa buyragini olgan va holati yaxshi ketmoqda. 2025-yil yozda cho‘chqa buyraklari bilan bog‘liq klinik tadqiqotlar boshlanishi kutilmoqda. Xitoylik olimlar ham yaqinda bunday muvaffaqiyatli tajriba o‘tkazganini e’lon qildi.
Izoh (0)