Telegram kanallarda Parij Olimpiadasi g‘olibi Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev prezident tomonidan sovg‘a qilingan Tahoe avtomobilini shahar hududida soatiga 110 km tezlikda boshqargani aks etgan video tarqaldi. Holat ko‘pchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi.
Toshkent shahar IIBB YHXB axborot xizmati rahbari Qahramon Xudoyberganovning “Daryo”ga bildirishicha, chempion egaligidagi avtomobil shahar bo‘ylab qidiruvga berilgan.
Qonun hamma uchun bir, har bir huquqbuzarlik uchun ham javobgarlik muqarrar. Tez orada avtomobil topilib, chora ko‘riladi va bu haqda jamoatchilikka rasmiy kanallarimiz orqali ma’lumot beramiz, dedi mas’ul.
Ko‘p o‘tmay, avtomobil topilgani, qoidabuzar chempion avtomobili shahar YHXB binosiga olib kelinayotgani qo‘shimcha qilindi. Biroq bugun soat 15:20 ga qadar Toshkent shahar IIBB YHXB avtomobil haydovchisiga nisbatan biror-bir chora ko‘rilganini ochiqlamadi.
“Daryo” voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.
Izoh (1)
Juda tugʻri qaror buni ijrosini yanada tezlatish kerak