Toshkent shahrida O‘zbekiston—Ozarbayjon media forumi o‘z ishini boshladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
“Raqamli asrda haqiqatni izlab: dezinformatsiyaga qarshi kurashish” mavzusiga bag‘ishlangan ushbu tadbir prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil avgust oyida Ozarbayjonga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida imzolangan “yo‘l xaritasi”ga muvofiq o‘tkazilmoqda.
“Qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalar qatori media yo‘nalishida ham jadal va tizimli tus olgani barchamizni xursand qiladi. Bu jarayonda bugungi kunda davlat va jamiyatning barqaror hayotiga jiddiy tahdid solayotgan dezinformatsiyaga qarshi birgalikda kurashish alohida ahamiyatga ega.
Bu borada Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida hamkorlikning yagona platformasini yaratish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirishga tayyormiz.
Forum ishiga muvaffaqiyatlar, uning doirasidagi muhokamalar va tajriba almashinuvi esa samarali, qardosh xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qiladigan yangi tashabbuslar uchun poydevor bo‘lishini tilayman”, deydi Sherzod Asadov.
Izoh (0)