Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudining 2023-yil 16-dekabrdagi ajrimi bilan Namangan viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Saidahmad Sultonov qamoqqa olinib, tergov hibsxonasiga joylashtirilgani avval xabar berilgandi.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining bir qator moddalari, jumladan, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, mansab vakolati doirasidan chetga chiqish kabi moddalar bo‘yicha jinoyat sodir etganlikda gumonlanayotgan edi.
13-avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha To‘raqo‘rg‘on tuman sudida Saidahmad Sultonov ishi bo‘yicha sud hukmi e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, Namangan viloyatining sobiq o‘rinbosari Jinoyat Kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismining “a” bandi, 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismining “a” bandi, 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.
Sud Saidahmad Sultonovni 3 yil muddatga davlat ishtirokidagi tashkilotlarda, shu jumladan hokimlik tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilib, unga 7 yil-u 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Izoh (0)