Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda har bir hududda kamida bittadan texnika universiteti bo‘lishi aytildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 36 ta muhandislik oliygohi va ularning filiallari bosqichma-bosqich yiriklashib, jami 20 ta oliygoh qoladi. Har bir hududda kamida 1 tadan texnika universiteti bo‘ladi. Rektorlar hamkorlik uchun xorijiy oliygohlarni tanlashda ular faoliyatiga to‘g‘ri kelishini tahlil qilib, shoshma-shosharliksiz qaror qabul qilishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Har bir oliygoh Germaniya, Yaponiya, Xitoy, Rossiya, Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Singapur kabi rivojlangan hamkor davlatlarning nufuzli texnika universitetlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi zarur.
Shuningdek, “tarmoq – korxona – oliygoh” zanjiri asosida har bir oliygohga sanoat hamkori belgilab beriladi. Barcha muhandislik oliygohlari hamkor korxonalarida kafedralar ochadi va dual ta’limni yo‘lga qo‘yadi.
Bunda korxonalar kafedralarni jihozlash, o‘qituvchi va talabalarni rag‘batlantirishga har yili mablag‘ berishga tayyor. Talabalarning amaliyoti va bitiruv kursdagi ta’limi to‘liq hamkor korxonalarda tashkil qilinadi.
Bundan tashqari, tarmoq vazirlik va korxonalar tizimida 32 ta tarmoq kengashlari tashkil qilinadi. Ular oliygohlar bilan texnika sohalaridagi ilmiy tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi va buyurtmachi bo‘ladi.
Izoh (0)