Qarshi shahrida fuqarolarga avtomobil olib berishni vaʼda qilib, ularni chuv tushirgan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Qayd etilishicha, departamentning Qarshi shahri bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruvda A.Y. ismli shaxs fuqarolarga avtosalondan shartnoma asosida qisqa muddatda avtomashina olib berishini aytib, ikki nafar fuqaroga Cobalt va Malibu rusumli avtotransport vositalarini olib berishi evaziga ularning jami 22 ming dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yil avgustda Toshkent shahrida fuqarolarga uy va mashina olib berishni va’da qilib, ularni 15 milliard so‘mga chuv tushirgan shaxsga sud hukmi o‘qilgan edi. Undan oldin esa Toshkent viloyatida avtokredit uchun to‘langan 1,6 milliard so‘mni noqonuniy o‘zlashtirgan shaxs qo‘lga olingani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)