Toshkentda Usmon mus’hafi qadimiy qo‘lyozmasini konservatsiya va restavratsiya qilinadi. Bu haqda Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.
“Ushbu ezgu ishga o‘z hissasini qo‘shadigan barchaga minnatdorlik izhor etaman. Birgalikda biz muqaddas qo‘lyozmani kelajak avlod uchun saqlab qola olamiz”, — deydi prezidenti yordamchisi.
Uning bildirishicha, YUNESKO “Jahon xotirasi” ro‘yxatiga kiritilgan Usmon mus’hafi (Toshkent Qur’oni) qadimiy qo‘lyozmasi prezident topshirig‘iga ko‘ra konservatsiya va restavratsiya qilinadi.
Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining ma’lum qilishicha, Usmon mus’hafi Qur’oni karimning bugungi kungacha saqlanib qolgan eng qadimiy qo‘lyozmasi hisoblanadi. VII asrda hijoz xatida yozilgan bo‘lib, hozirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi muzey kutubxonasida saqlanadi. 1997-yilda YUNESKO uni “Jahon xotirasi” ro‘yxatiga kiritgan.
Mazkur muqaddas kitobni konservatsiya va restavratsiya qilish loyihasi xorijlik mutaxassislar, jumladan Kembrij universitetidan Kristin Roz, fransiyalik restavratorlar Akselya Delo va Korali Barb, shuningdek, Istanbul qo‘lyozmalar ustaxonasi va arxiv bo‘limi mudiri Nil Baydar ishtirok etmoqda.
Ular har bir sahifani sinchiklab ko‘zdan kechirib, bosqichma-bosqich ta’mirlash rejasini ishlab chiqadi hamda kelgusida muhofaza qilish bo‘yicha tavsiyalarni beradi.
Bu ish O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasining qo‘llab-quvvatlovi va nazorati ostida amalga oshirilmoqda.
Izoh (0)