O‘zbekistonda yetishtirilgan quritilgan mevalar Yaponiyaning Nara prefekturasiga eksport qilinadi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.
Maʼlum qilinishicha, O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi xodimlari Nara shahriga amaliy safar davomida bir qator siyosiy, biznes va turizm sohasi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Jumladan, Nara prefekturasi assambleyasi deputati Mitsunori Sato bilan uchrashuv davomida hududlararo va parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Nara prefekturasi assambleyasida “Samarqand bilan do‘stlik ligasi”ni tuzish bo‘yicha fikr almashildi. Uchrashuv yakunida O‘zbekistonga safari rejalashtirilgan Nara prefekturasi gubernatori Makoto Yamashita boshchiligidagi delegatsiya tarkibiga Prefektura assambleyasi bosh spikeri va deputatlarini kiritish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Diplomatlar, shuningdek, Nara prefekturasida joylashgan jahonga mashhur Gateau des bois qandolatchilik fabrikasi rahbari Masaxiko Xayashi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Masaxiko Xayashi shu yil fevral oyida fabrika tomonidan O‘zbekistondan keltirilgan quritilgan mevalardan tayyorlangan mahsulotlar katta qiziqishga sabab bo‘lganini va ular qisqa muddatlarda sotilganini bildirdi.
Uchrashuv natijasida O‘zbekistonda yetishtirilgan quritilgan mevalar, jumladan, o‘rik, yong‘oq, mayiz va bodomni Nara shahriga eksportini kengaytirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Izoh (0)