Turkmanobod shahrida Suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘zbek-turkman hukumatlararo qo‘shma komissiyasining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
O‘zbekiston prezidenti maslahatchisi Shuhrat G‘aniyev hamda Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining agrosanoat kompleksi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari T.Ataxalliyev boshchilik qilgan tadbirda tomonlar Suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘zbek-turkman hukumatlararo qo‘shma komissiyasining uchinchi yig‘ilishida erishilgan kelishuvlar ijrosini muhokama qildi.
O‘zbekistonning Turkmanistonda joylashgan suv xo‘jaligi obyektlarini xatlovdan o‘tkazish va Tuyamo‘yin gidrouzelining Sultonsanjar to‘g‘onida “suv filtratsiyasiga qarshi devor qurish” loyihalarini jadallashtirishga kelishib olindi.
Gidrologik yil davomida 2023-yil 1-apreldan 2024-yil 30-martgacha Amudaryoning suvlilik darajasi tahlil qilinib, tomonlarning mamlakatlar iqtisodiyot tarmoqlarini suv bilan taʼminlash bo‘yicha keyingi harakatlari ko‘rib chiqildi.
Komissiya Amudaryoda suvni hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish muhimligini qayd etdi.
Tomonlar xalqaro moliya institutlarining grant mablag‘larini jalb etish orqali gidropostlarda suv hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish va gidropostlarni tiklash bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladi.
Amudaryo qirg‘oqlarini mustahkamlash, kanallar o‘zanlarini tekislash orqali suv resurslari yo‘qotilishini kamaytirish va suvning to‘siqsiz o‘tishini taʼminlash masalalariga ham eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, Turkmaniston davlat suv xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish instituti va Turkmaniston davlat suv xo‘jaligi qo‘mitasining “Turmensuvilimtaslama” loyiha instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida onlayn uchrashuv ham bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda tomonlar suv toshqinlarining oldini olish va qirg‘oqlarni mustahkamlash chora-tadbirlari bo‘yicha tajriba almashdi. Shuningdek, Amudaryo bo‘yida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarli vaziyatlarning oldini olish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida tegishli takliflar bildirildi. Ikki davlat institutlarining mutaxassislari navbatdagi uchrashuvgacha aniq masalalarni ishlab chiqishga kelishib oldi.
Yig‘ilish yakunida tegishli bayonnoma imzolandi. Suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘zbek-turkman hukumatlararo komissiyasining beshinchi yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazishga kelishildi.
Izoh (0)