Eron oliy rahbariyatiga bo‘ysunuvchi Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi 13-aprel kuni Ho‘rmuz bo‘g‘ozida yirik yuk tashuvchi kemani qo‘lga olgan. Bu haqda Al Jazeera nashri xabar berdi.
Eron davlat ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, korpus dengiz bo‘linmalari Ho‘rmuz bo‘g‘oziga kirib kelayotgan kemaga hech qanday ogohlantirishsiz yaqinlashib, uni hibsga olgan. Undan keyingi tafsilotlar hozircha maʼlum emas.
Manbada aytilishicha, kema isroillik moliya magnati Eyal Ofer boshqaruvidagi Zodiac Maritime yuk tashish kompaniyasiga tegishli bo‘lgan. U Portugaliya bayrog‘i ostida suzib ketayotganida aniqlangan.
Avvalroq Buyuk Britaniya dengiz savdo operatsiyalari boshqarmasi ham (UKMTO) Amirliklarning Fujayra shahridan 93 kilometr shimoli-sharqida, Fors ko‘rfaziga olib kiruvchi Ho‘rmuz bo‘g‘oziga yaqin joyda kema Eron tomonidan qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)