Suriyada terrorchi guruhlarga qo‘shilib, vafot etgani aytilgan o‘zbekistonlik erkak qidirilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Mansurov Jaloliddin 1989-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2012-yilda Rossiya orqali Turkiyaga, u yerdan Suriyadagi jangarilar safiga borib qo‘shilgan. Oilali, 4 nafar farzandi bor.
U 2006-yilda Uchtepa tumanidagi kollejga o‘qishga qabul qilingan. Biroq 2-kursni bitirmay turib, o‘qishni tashlab ketgan. 2010-yilga kelib, yangi do‘stlar orttirgan fuqaro ularga ergashib diniy ta’lim olishga qiziqa boshlagan. Otasining aytishicha, 2012-yil mart oylarida o‘g‘lini notanish odam bilan gaplashib turganini ko‘rgan. Bir necha kun ichida u uydan chiqib ketgan.
Diniy ekstremistik oqimlar ta’siriga tushgan fuqaro Suriyaga borib, terrorchi guruhlar tarkibiga qo‘shilgan. Qonuniy rafiqasi bilan ajrashgan erkak boshqa ayolga uylanib, uni o‘zi bilan Suriyaga olib ketgan. 2015-yilda u vafot etgani haqida xabarlar tarqalgan. Ammo ma’lumot rasman tasdiqlanmagan. Hozirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.
Izoh (0)